Bola nega duduqlanadi?
Uning sabab va oqibatlari
 Madinaxonning uch yoshli qizchasi Farangiz bog‘chaga borganiga hech qancha vaqt o‘tmay, duduqlanadigan bo‘lib qoldi. Yaqinlari qizaloqni mutaxassisga ko‘rsatish lozimligini maslahat berishdi. Ona shifokor qabuliga borganida bolaning nutqi rivojlanishiga uning oilada, bog‘chada va tengqurlari orasida turli tillarda so‘zlashgani sabab bo‘lganini bildi.
Darhaqiqat, ayrim ota-onalar farzandiga kichikligidanoq chet tillarini o‘rgatishga harakat qilishadi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra bu holat bolaning asab tizimi zo‘riqishiga olib kelar ekan. Natijada endi tili rivojlanib kelayotgan kichkintoyning so‘zlashishida turli muammolar kuzatiladi.
E’tibor bersak, duduqlanish asosan yosh bolalarda uchraydi. Mutaxassislar onalar farzandiga nutqi rivojlayotgan davrda nihoyatda e’tiborli bo‘lishni maslahat beradi. Agar bolasida tutilib gapirish hollarini sezsa, kechiktirmasdan shifokor ko‘rigiga olib borishni uqtiradi.
 
– Bolalarda duduqlanish sababi turlicha bo‘ladi, – deydi pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Dilbar Nurkeldiyeva. – Bunga kichkintoyni asab tizimi zaifligi, kuchli qo‘rqish, gijjalar, infeksiyalar, jismoniy zo‘riqishlar, uning duduqlanishga moyilligi, nasliy duduqlanish va taqlid asosida duduqlanishlar asos bo‘ladi. Bolaning tili chiqib, ayrim so‘zlarni talaffuz qilishni boshlaganda bunday hol kuzatilmaydi. Asosan duduqlanish nutqda jumlalar qo‘llana boshlangandan keyin paydo bo‘ladi. Kichkintoyning nutqi esa faqat ona tilida chiqishi kerak.
Bugun ota-onalar farzandlarini go‘dakligidanoq aqlli bo‘lishini xohlaydi. Uyda o‘zbek tili, bog‘chada rus tili va bunga qo‘shimcha ingliz tilini ham o‘rgatishga harakat qilishadi. Natijada bolaga atrofdan ma’lumot uch tilda keladi. U barcha axborotlarni miyasida tahlil qilishi kerak bo‘ladi. Shunday paytda u so‘z tanlashda qiynaladi. Bunday paytda ham kichkintoy duduqlanib qolishi mumkin. Shunday ekan uning nutqi bitta tilda shakllanishi kerak.

Duduqlanish ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi: klonik va tonik. Bunday bolalarni nevropatolog va logoped mutaxassis birgalikda davolaydi. Davolash kompleksli bo‘lib, bu jarayonda nutq a’zolarida pay tortishlari kuzatiladi.

Davolash vaqtida kattalarning bemorga past ovozda gapirishi tavsiya etiladi. Unga vaqtida uxlash, ko‘p yig‘lamaslik va asabiylashmasligi kerakligi aytiladi. Aks holda duduqlanish kuchayib, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Asosan bu hol kuz va bahor fasllarida kuchayadi. Davolash muolajalari ham shu fasllarda ko‘proq olib boriladi. Eng muhimi, mutaxassis bergan tavsiyalarga ota-onalar jiddiy rioya qilishlari kerak.
Yana o‘qing:  Alkogol ruhiy siqilishni bartaraf qilishga yordam bermaydi
Yana bir gap: bolani duduqlanmay gapirishga majburlab, unga bosim o‘tkazish mutlaqo mumkin emas. Oilada va o‘rtoqlari davrasida uning masxara bo‘lishi ham ushbu salbiy holatning avj olishiga turtki bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda u muloqotdan o‘zini tortadi. Bu esa nutqi ravon bo‘lmagan o‘g‘il-qizlarning ruhiyatiga jiddiy ta’sir etadi.
 
– Duduqlanish o‘zi-o‘zidan kelib chiqmaydi, – deydi bolalar nevropatologi Farog‘at Pardayeva. – Uning sabablari turlicha. Agar bemor bola vaqtida davolanmasa, duduqlanishni oldini olish qiyin kechadi. Uni davolashda ayniqsa, ota-onaning ko‘magi muhim o‘rin tutadi. Qolaversa, kichkintoy o‘z ustida ko‘proq ishlashi zarur. Ayniqsa, oynaga qarab, qiynalgan so‘zlarini qayta-qayta takrorlashi ham yaxshi natija beradi. Shundagina uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi. Shifokorlar duduqlanishni davolashda bemorga asosan miyani tinchlantiruvchi va oziqlantiruvchi muolajalarni tavsiya etadi. Bundan tashqari suzish, uqalash, turli sport o‘yinlari ham bolaga ijobiy samara beradi.
Farzandingiz har tomonlama sog‘lom o‘ssin desangiz, uning sog‘lig‘iga aslo befarq bo‘lmang.
Dilfuza AZIMOVA
soglom.uz/tavsiya/bola-nega-duduqlanadi/