Tomoq yallig‘langanda
MANDARIN VA NOK YO’TALGA MALHAM
Gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar vaqtida turli-tuman achchiq dorilardan ko‘ra mandarin ko‘proq foyda beradi. Chunki, uning tarkibida mikroblarni parchalovchi flavonoid nobiletin moddasi mavjud.
Yo‘talga qarshi tabiiy malham: ikkita mandarin va bitta nokni po‘sti bilan bir necha bo‘laklarga ajrating. Uni emal idishga solib ustidan ikki stakan qaynagan suv va ikki osh qoshiq shakar (agar asal bo‘lsa yanada yaxshi) qo‘shing. Ushbu mevalarni past olovda 15 daqiqa davomida dimlang. Keyin uni sovuting va ovqatdan keyin 1-2 osh qoshiqdan iste’mol qiling.
QIZIL LAVLAGI QAYNATMASI
Faringit (halqumning yallig‘lanishi), laringit (kekirdakning kirish qismidagi yallig‘lanish)va angina(bodomcha bezlarining yallig‘lanish)ga chalinganda sinalgan tabiiy va arzon malhamlardan biri qizil lavlagi qaynatmasidir. O‘rtacha kattalikdagi bitta lavlagini archib emalli idishga soling va ustidan uning 1 litr suv quying. So‘ng uni olovga qo‘yib, lavlagi pishgunicha qaynating. Dokadan o‘tkazilgan qaynatma bilan bir kunda 3 marta tomoqni chayqang.
DENGIZ TUZI
Qaynatib ilitilgan suvga 1 choy qoshiq dengiz tuzini aralashtirib, tomoqni “g‘arg‘ara” qilish ham yallig‘lanishni bartaraf etadi.
LIMON VA ASAL
Yutinganda tomoqda og‘riq bo‘lsa, go‘shtqiymalagichdan o‘tkazilgan limonga asal yoki shakarni teng miqdorda aralashtirib, 1 choy qoshiq miqdorida kuniga 2-3 mahal iste’mol qilish lozim.
Fazilat SA’DULLAYEVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi

soglom.uz/tavsiya/tomoq-yalliglanganda/