Bolajonlar qachon tish yuvishni boshlaydi?
Tish cho‘tkasining katta-kichikligi bolaning yoshiga mos bo‘lishi lozim. Uni tanlashda har bir kichkintoyga stomatolog-shifokor maslahat beradi. Yosh bolaning tish tozalashni o‘rganib olishi ancha qiyin. Shu sababli tish tozalashni bir necha bosqichga bo‘lib, ota-onalar farzandiga o‘rgatishi lozim.
1-bosqichda oldingi tishlar tepadan pastga, pastki tishlar esa pastdan yuqoriga qarab yuvilishi zarur.
2-bosqichda esa bolaga tishning tashqi yon yuzalarida tish cho‘tkasi o‘ng va chapga qarab harakatlanishi o‘rgatiladi.
3-bosqichda tishning chaynov yuzalarini tozalash kerak.
4-bosqichda bolajonga oldingi va yon tomondagi tishlarni ichki yuzasini ham yaxshilab tozalash zarurligi ko‘rsatiladi.
Bunday tish tozalash qoidalarini izchillik bilan o‘rgangan har bir o‘g‘il-qiz umr bo‘yi shu qoidaga qat’iy rioya qiladigan bo‘ladi. Tish tozalashning bosqichlari ko‘pligidan tashvishlanmasa ham bo‘ladi. Aksincha bunga bola tez o‘rganib qoladi va barcha bosqichlarni o‘zi berilib bajaradigan bo‘ladi. Bolalar va kattalar uchun tish tozalash qoidalari va vaqti bir xil. Shuning uchun tishlar ikki mahal – ertalab va kechqurun ovqatdan keyin tozalanadi.

“Ertalabki tish yuvish go‘zallik uchun, kechqurungi tish yuvish esa salomatlik uchun zarur”, deydi stomatologlar.

Bola 2-2,5yoshga to‘lganda uning 20ta sut tishlari chiqqan bo‘ladi. Ular bir-biriga jips yopishib turadi. Bu davrda uning so‘lak bezlari kam so‘lak ajrata boshlaydi. Ilgari so‘lakning ko‘pligi va tishlarning siyrakligi tufayli ular o‘z-o‘zidan tozalangan bo‘lsa, endi bu tabiiy jarayon sodir bo‘lmaydi. Buning uchun endi tashqaridan ta’sir ko‘rsatilishi kerak bo‘ladi. Oldiniga ovqatdan oldin og‘iz chayiladi. Bu juda ibratli odat. Shunda og‘izdagi ovqat qoldiqlari chiqib ketadi. Bolaning og‘zini chayishi uncha oson emas. Chunki, kichkintoy og‘zini chayaman deb suvni yutib yuboradi. Shuning uchun suvdan og‘izga ozroq olib, keyin suyuqlikni tishlar orasidan o‘tkazish zarurligini unga tushuntirish lozim. Shunda tishlarning tashqi va ichki tomonlari tozalanishi kerakligini bolaga anglatish darkor.
Dastlab bolaga kattalar tozalikni o‘rgatadi. Tishni ilk bor yuvishda cho‘tkaning o‘zi bilan unga gigiyena qoidasi o‘rgatiladi.
Og‘iz bo‘shlig‘i parvarishida quyidagilarga rioya qilish kerak:
  1. Tishlarni ertalab nonushtadan keyin va kechqurun uxlashdan oldin tozalash kerak. Ularni tozalab bo‘lgandan keyin tish cho‘tkasi til yuzasiga bir-ikki marta yurgiziladi va og‘iz chayiladi.
  2. Har bir tishni hamma tomonlama yuzalarini tozalash zarur.
  3. Gigiyenik tish cho‘tkasi kichikroq, uning qili qalin va kaltarok bo‘lishi darkor. Cho‘tkani kamida bir yilda 3-4 marta yangilash lozim (ya’ni har 3-4 oyda).
  4. Tishni tozalagandan keyin cho‘tkani yaxshilab suyuq gigiyenik vosita bilan yuvib, unga sovun surkab, ishlatiladigan qismini yuqoriga qilib stakanga solib qo‘yiladi.
  5. Ovqatlanishlar orasida va kechqurun tish tozalangandan so‘ng shirinliklar iste’mol qilmaslik kerak.
  6. Tishlar baquvvat va sog‘lom bo‘lishi uchun meva-sabzavot, sut mahsulotlari ratsionda yetarli darajada bo‘lishi zarur.
  7. Har 3-6 oyda bolajon stomatolog ko‘rigidan o‘tishi darkor. Zarur holatlarda profilaktik davo muolajalarini olish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Yana o‘qing:  Nonushtaga sut ichish tavsiya etiladi
Bolalarning og‘iz bo‘shlig‘i va tishlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng qanday tish pastasidan foydalanish kerakligini stomatolog-shifokor maslahat beradi.
Amerikalik stomatolog Stiven Goldberg bolalar tish yuvishi uchun pastadan guruchdek miqdorda ishlatish kifoya ekanlgini ta’kidlaydi. Tish pastasi miqdori emas, balki cho‘tkaning tolalari asosiy vazifani o‘tashi muhim, deydi u.
Matluba NARZULLAYEVA,
Toshkent shahridagi 3-sonli Bolalar stomatologiya poliklinikasi
bosh shifokori o‘rinbosari
soglom.uz/tavsiya/bolajonlar-qachon-tish-yuvishni-boshlaydi/