Quyon parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar
Quyonchilik serdaromad tarmoqlardan biridir. Chunki quyon ovqat tanlamaydi, olti oy boqilgan quyon 3,5-4 kilogramm tosh bosadi. Asosiysi, bir yilda bitta quyondan 16-20 tagacha sog‘lom nasl olish mumkin.
Go‘shti parhezbop, xushxo‘r, parhezbopligi jihatidan tovuq go‘shtidan ustun turadi. Oshqozon-ichak, jigar kasalliklari, qon bosimi bilan davolanayotgan bemorlarga davo, tanada tez hazm bo‘ladi.
Xonadonlarda quyon boqish uncha katta xarajat talab qilmaydi. Ularning tez yetiluvchanligi, serpushtligi, jadal o‘sishi sarf etilgan mablag‘ning tez qoplanib ketishini ta’minlaydi. Chunki quyonlar yil davomida 5-6 marta oltitadan o‘ntagacha bolalaydi. Umuman bitta quyondan bir yilda 50-60 tagacha bola olish mumkin. Bundan tashqari bir bosh quyondan 1 kg gacha tivit olinadi.
Aholi xonadonlarida quyon asosan go‘shti va mo‘ynasi uchun boqiladi.
Quyon tez yetiladi va ko‘payadi, shu bois undan qisqa vaqt ichida ko‘plab parhez go‘sht olish mumkin. Yiliga bola ona quyon hisobiga 70-80 kg go‘sht va 25-35 dona mo‘yna olish mumkin.
Quyon go‘shti tarkibida oqsil ko‘p, xolesterin kam bo‘lganligi tufayli bolalar, homilador va emizikli ayollar, shuningdek, oshqozoni kasallangan va yurak-tomir kasalligiga chalingan kishilar uchun juda foydalidir. Eng muhimi, bir kilogramm quyon go‘shti yetishtirish shuncha qo‘y yoki qoramol go‘shti yetishtirishga nisbatan kam xarajatlidir.
Quyondan juda mayin va nozik tivit olinadi, undan sharf, ro‘mol, sviter, beretka, paypoq va boshqalar to‘qiladi. Shuningdek, quyon terisidan qo‘lqop, sumka, yengil oyoq kiyim ham tayyorlanadi.
Quyon zotlari: hozirda respublikamizda oq velikan, kulrang velikan, Rossiya morderi, shinshila, kapalaksimon, olmaxonsimon, kumushsimon, qora qo‘ng‘ir, vena zangori va boshqa zotli quyonlar boqilmoqda.
Parvarishlash. Quyon boqiladigan joy zax va nam bo‘lmasligi kerak. Quyon boqib, ko‘p daromad olish uchun birinchi navbatda serpusht ona quyonlar sonini ko‘paytirish lozim. Shundagina maxsulot (go‘sht, tivit, mo‘yna) ning tannarxi arzonga tushadi va sifati yaxshilanadi. Quyon bolalari 60-65 kungacha onalarini emizib boqiladi va vazni 1,8-2,2 kg. ga yetishi bilan go‘shtga so‘yiladi. Quyonning 1 kg semirishi uchun o‘rta hisobda 3,0-3,5 kg oziqa birligi sarflanadi. Semirtirilgan quyonlarning go‘sht chiqimi 50-60 foizni tashkil etadi.
Go‘shtga so‘yiladigan quyonlarning tirik vazni o‘rta hisobda 3-4 kg bo‘ladi. Yangi tuqqan quyon kuniga 4-5 marta oziqlanadi. Asosan ko‘k ozuqalar, jumladan, ko‘k beda, makkajo‘xori, bug‘doy, qoqio‘t, qo‘ypichak, poliz ekinlarining bargi, daraxt shoxlari, olma, tol va tok novdalarini xush ko‘rib yeydi. Quyonlarga suyak uni, bo‘r ishlatilgan ohak, kartoshka, sabzi, lavlagi, no‘xat doni, arpa doni va qo‘shimcha ravishda ovqatiga makroelementlar qo‘shib beriladi. Quyonlarga beriladigan ozuqalarning 70 foizini konsentrat ozuqalar tashkil qiladi. Quyonlar suli, arpani ham iste’mol qiladi. Arpa quyonlarga namlangan yoki shirali ozuqalarga aralashtirilgan holda yediriladi. Bo‘g‘oz quyonlar parvarishiga alohida e’tibor berish talab etiladi. Ularning ratsionini tinchlik davridagiga nisbatan bo‘g‘ozlik davrining boshida 30 foiz, oxirida esa 70 foiz ko‘paytirish kerak. Quyonlardan olinadigan mahsulotlarning sifati va salmog‘i ularni saqlash sharoitiga bog‘liqdir. Quyonlarni kataklarda saqlash zarur. Chunki kataklarda saqlangan quyonlarda kasallik kam uchraydi va mikroiqlim yaxshi bo‘ladi. Har bir katakning maydoni 0,5-0,7 m2 dan kam bo‘lmasligi kerak. Katakning o‘rtasida oxur bo‘lishi zarur. Suv idishlari har bir quyonga alohida bo‘ladi. Ayrim hollarda quyonlar simto‘rlar bilan o‘ralgan holda ham boqiladi. Uy quyonlari 5-12 yilgacha yashaydi.
Yana o‘qing: Qovoq yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar
Quyonlarni qochirish va bolalatish. Erkak va urg‘ochi quyon bir katakda saqlanadi. Quyonlarning bo‘g‘ozlik davri o‘rtacha 30 kun davom etadi. Quyon bolalari o‘z onalaridan 19,29 va 45 kunligida ajratiladi va turli xil oziqlar bilan boqiladi.
Quyon bolalarini boqish. Quyon bolalari birinchi oyda onalariga qanday oziq berilgan bo‘lsa, xuddi shunday oziq bilan boqiladi. Lekin don albatta yorma holda berilishi kerak. Qo‘shimcha holda sabzi, qaymog‘i olingan sut, tvorog berilishi yaxshi natida beradi. Yorma xolidagi don sabzavotlarga aralashtirib berilsa yanada yaxshi. Quyonlarga qish oylarida sutkasiga bir marta, yoz oylarida ikki marta, ya’ni ertalab va kechqurun suv berilishi zarur.
A. Nurmatov, B. Allashov