Kartoshka yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar
Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: kartoshkaning O‘zbekiston Respublikasi Davlat reestriga 63 ta navi kiritilgan. Ertapishar navlardan Latona, Fresko, Red Skarlet, o‘rtagi-ertagi Kondor, Marfona, Romano, Kuroda, Sante, Diyora, o‘rtapishar To‘yimli, Umid, Ko‘k saroy, Serhosil, Aladin, Arinda, Arnova, o‘rtagi-kechki Aqrob, Mondial, Diamant, Pikasso va boshqalar shular jumlasidandir.
Urug‘ tanlash. Kartoshka hosilini oshirish, sifatini yaxshilash va erta yetilishini ta’minlash uchun uni undirilgan tuganaklaridan ekish kerak. Undirilgan tuganaklarni bahorgi muddatlarda ekish undirilmagan tuganaklarni ekishga qaraganda hosilni 12-15% oshirib, 10-15 kun erta pishishiga imkon beradi. Mahalliy sharoitda tayyorlangan urug‘lar undirish xonalariga ekishdan 30-35 kun oldin, chetdan keltirilgan urug‘liklar 20-25 kun ilgari qo‘yiladi. Undirish xonasida yorug‘lik va 18-22oS daraja issiq harorat yaratilishi lozim. Urug‘liklar mayda yirikligiga qarab (40-60,60-80,80-100 g) saralab undirish xonaning pollariga, so‘kchaklarga (stellaj) 2-3 qatlamdan oshirmay yoki 12-20-25 kg. li yashiklarga qo‘yish lozim. Ularni yashil nishlari ekish davrigacha qo‘lda qo‘yib ketmon bilan yopib ekiladigan bo‘lsa 3-4 sm. gacha o‘stirib ekilsa bo‘ladi. Og‘irligi 100 g. dan katta tuganaklarni bahorda ekish uchun ikki-uch bo‘lakka bo‘linadi.
Yer tayyorlash. 1 sotixga 250-300 kg (10 sotixga 2,5-3 t) toza, chirigan go‘ng solinadi. Tuproq belkurakda 18-20 sm chuqurlikda yumshatiladi yoki ketmon bilan chopiladi. Katta kesaklar maydalanadi va yer tekislanadi.
Ekish muddati va sxemasi. Bahorgi muddatda janubiy viloyatlarda 15 fevral-1 mart, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 25 fevral-10 mart, shimoliy mintaqalarda 10-20 mart. Yozgi muddatda janubiy viloyatlarda tezpishar navlar – 10-20 iyul; o‘rtapishar navlar – 5-20 iyul; kechpishar navlar 20-30 iyun; markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda tezpishar navlar – 10-20 iyul, o‘rtapishar navlar – 10-30 iyun, kechpishar navlar 10-20 iyunda ekiladi. Shimoliy hududlarda tezpishar navlar – 20-30 iyun, o‘rtapishar navlar – 15-25 iyun, kechpishar navlar – 5-10 iyunda ekiladi. Kartoshka tuganaklari (urug‘ligi) 5-8 sm chuqurlikka ekiladi va har 1 sotix yerga 50-70 gramm og‘irlikda bo‘lgan, 30-35 kg kartoshka urug‘ligi sarflanadi.
Kartoshka oldindan tayyorlab qo‘yilgan maydonga qo‘lda ketmon bilan 70×30 yoki 90×25 sm sxemada ekiladi.
Yana o‘qing: Shirin manti
Parvarishlash. Maydonlar urug‘lik to‘liq unib chiqquncha ob-havo va yer sharoitiga ko‘ra 1-2 marta sug‘oriladi. Sug‘orish natijasida begona o‘tlar ham jadal o‘sib chiqa boshlaydi. Ularni yo‘qotish maqsadida sug‘orishdan 4-6 kun o‘tgach, qator oralari va egatlarning ustki qismiga qo‘lda ketmon bilan yalpisiga ishlov berish lozim. Ular yerdan to‘liq unib chiqqandan keyin 20-25 kun o‘tgach, o‘simliklarga birinchi kompleks ishlov beriladi. Qator oralari 15-16 sm chuqurlikda, o‘simlikdan 10-12 sm himoya masofasi qoldirilib yumshatiladi. Keyin esa o‘simlik oralari yengil chopiq qilinib, begona o‘tlardan tozalanishi lozim. Shundan so‘ng maydondagi o‘simliklarni birinchi marta azotli o‘g‘it (50%) bilan oziqlantirib, keyin qondirib sug‘orish tavsiya etiladi. Ikkinchi kompleks ishlov birinchi ishlovdan 25-28 kun o‘tgach yoki o‘simliklar yoppasiga g‘unchalaydigan davrda amalga oshiriladi. Kartoshka bahorda ekilganida o‘suv davri havoning salqin va tuproqning sernam paytiga, hosil to‘plash davri esa yozning ayni qiziy boshlagan vaqtiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham ertagi kartoshka hosil to‘plash (tuganaklash) paytida har 5-6 kunda 1 sotix yerga 4-4,5 m3 hisobidan sug‘orishni talab qiladi. Kechki kartoshka o‘suv davrida 8-10 kun oralatib bir me’yorda sug‘oriladi. Hosilni yig‘ib-terib olishga 2-3 hafta qolganda suv berish to‘xtatiladi.
O‘g‘itlash. Kartoshka asosiy oziqa elementlariga o‘ta talabchan. Kartoshka yetishtirilganda 1 sotix yerga sof holda 2,2 kg azot, 1,7 kg fosfor, 1,1 kg kaliy berish kerak.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Kartoshka hosilini oshirishda ekiladigan tuganaklarni yirikligi, shakli va boshqa belgilari bilan tanlab olish muhim tadbir hisoblanadi. Kartoshka o‘simligida kolorado qo‘ng‘izi paydo bo‘la boshlaganda qo‘ng‘izni qo‘lda terib chiqish tavsiya etiladi. Qo‘ng‘izlar ko‘payib tuxum qo‘ya boshlagandan keyin kimyoviy preparatlar qo‘llaniladi. Bunda 10 sotix ekin maydoniga Karate 5% k. e. (10 ml), Konfidor 20% k. e. (5 ml); Mospilan 20% n. k. (20-25 ml); Sumi-alfa 5% k. e. (50 ml) preparatlari 60-70 litr suvda yaxshilab aralashtirilib purkaladi.
Hosilni yig‘ishtirish. Kartoshka tuganaklari 25-30 sm chuqurlikda shakllanadi, shuning uchun ketmon yordamida chuqurroq kovlab olinadi. Bu davrda tuproq nam bo‘lishi lozim. Shunda kartoshkalarni beshikast yig‘ishtirishga erishiladi.
R. Hakimov, B. Azimov