Gilos ekish va parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar
Ekish uchun tavsiya etiladigan navlari: Valovye serdse, Qora gilos, Valeriy Chkalov, Drogana jeltaya, Revershon, Klon Eltona va h. k.
Ko‘chatlarni ekishga tayyorlash va ekish. Ko‘chatlarni ekishga tayyorlashda avvalo, tomorqa maydonida suvning yurishi hisobga olinib, yer yaxshi tekislanadi. Maydonning har kvadrat metrga 6-10 kg go‘ng, chirindi, 200-250 g fosfor, 100-120 g kaliy va 150-200 g ammoniyli azot o‘g‘iti solinib, chuqur (25-30 sm) haydaladi.
Gilosni ekish sxemasi – 6×5 m (sug‘oriladigan bo‘z tuproqlarda) va 6-5×5 m (shag‘alli-qumlik tuproqlarda), ekish muddati: erta bahorda – fevral oxiri-mart oyi boshlarida.
Ko‘chat ekish uchun chuqurligi va kengligi 60×60 sm bo‘lgan chuqurchalar kovlanadi. Chuqur qazishda tuproq ustki qismini 20-25 sm qatlami o‘raning bir tomoniga, qolgan qismi ikkinchi tomonga olib qo‘yiladi.
O‘raga 350-400 g fosfor, 30-40 g kaliy o‘g‘iti hamda 8-10 kg chirigan go‘ngni tuproq bilan aralashtirib solib, keyin ko‘chat ekiladi.
Ko‘chatni ekishdan oldindan tayyorlab qo‘yilgan shaltoqqa (yangi mol go‘ngi tuproq bilan 1:1 nisbatda aralashtirilib, qaymoqsimon massa tayyorlanadi) botirib olish lozim.
Ko‘chat o‘raga tik holda qo‘yilib, tuproq bilan ko‘miladi. Ko‘chatni payvand qilingan joyi tuproqdan 4-5 sm yuqorida qolishi kerak. Ko‘chat ekilgandan so‘ng har bir chuqurga to‘latib suv quyiladi. Shunda tuproq zichlanib, nihol yaxshi ko‘karadi.
Tuproq cho‘kkandan so‘ng ko‘chat atrofiga yangi tuproq solib, to‘ldiriladi. Ko‘chatlar tuproqning namligiga qarab vaqti-vaqti bilan sug‘orib turiladi.
Tomorqa maydoni 0,03 ga bo‘lsa, ushbu maydonning quyosh tushadigan sharqdan janubga qaragan tomoniga gilosning navlaridan 1-2 tupdan ekish tavsiya qilinadi. Tomorqa maydoni 0,06 ga bo‘lsa, yarmiga sabzavot ekinlari, qolgan qismiga esa mevalik daraxtlar, 0,10 ga bo‘lganda sabzavot uchun maydon qoldirib, qolgan kattaroq qismiga mevali ko‘chatlarni joylashtirish mumkin.
Parvarishlash. Daraxtga siyraklashtirish qavatlash usulida shakl beriladi, yon shoxlari 2-3 qavat qilib qoldiriladi. Kurtak unishini oshirish va novdalarning yalang‘ochlanishini kamaytirish maqsadida asosiy shoxlardagi o‘q novdalar qisqartiriladi. Daraxtlarning qarish davrida 4-5 yoshli shoxlari kesilib ko‘proq yoshartiriladi.
Tomorqadagi gilos daraxtlariga 300-350 g azotli, 250-300 g fosforli va 200-250 g kaliyli o‘g‘itlar sof holda solinishi tavsiya qilinadi. Har 2-3 yilda o‘rtacha 50-60 kg chirigan go‘ng solish hosildorlikni oshiradi.
Yana o‘qing: Oyoq hidlanmasin desangiz…
Bo‘z tuproqlarda gilos daraxtlari o‘suv davri mobaynida 4-6 marta, shag‘alli yerlarda 10-12 marotaba sug‘oriladi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Gilos daraxtiga zararkunandalardan meva kanasi zarar keltiradi.
Meva kanasiga qarshi 17,5 foizli Perfekto sus. k. (10 sotix maydon hisobiga 15-20 ml), 5 foizli Karate em. k. (100 l suvga 50 ml) qo‘llanilganda yaxshi samara beradi.
Hosilni yig‘ishtirish. Gilos asosan kech bahorda pisha boshlaydi. Mevalarni bandi bilan terish shart, aks’holda ular o‘z sifatini tezda yo‘qotadi. Meva bandini unga zarar yetkazmasdan novdaga tegib turgan yeridan uzib olinadi.
Sh. Ahmedov