Buqa parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar
Zotni tanlash. Semirtirish uchun avvalo, go‘sht yo‘nalishidagi zotdor sigirlardan olingan buqachalarni tanlash lozim. Bo‘rdoqichilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklaridan yosh zotdor buqachalarni sotib olish ham ishonchli hisoblanadi. Ularni qisqa muddatlarda semirtirib, sifatli va eng ko‘p miqdorda go‘sht olishga erishiladi.
Parvarishlash. 6-8 oylik buqachalarni 15-18 oy davomida shunday boqish kerakki, toki ularning vazni 400-480 kg. ga yetsin. Buning uchun buqalarni ko‘k o‘t, silos, senaj, pichan, ildizmevalilar, tert, don, paxta shulxasi, kunjara, shrot va beda bilan oziqlantirish kerak. Bu ozuqalarning ko‘pi tomorqaning o‘zidan chiqadi.
Ko‘k o‘t mol organizmi uchun eng afzal va qimmatli ozuqa hisoblanadi. U yengil hazm bo‘ladi va organizmga yaxshi singadi. Voyaga yetgan qoramolga bir kunda 70 kilogrammgacha ko‘k o‘t berish mumkin.
Silos qishki davrda buqa uchun eng arzon va to‘yimli ozuqadir. U yovvoyi o‘tlar (zaharlilari aslo ishlatilmaydi), makkajo‘xori, kungaboqar va boshqa o‘simliklar poyalari, ildizmevalarni maydalab, bir-biri bilan aralashtirilib tayyorlanadi. Voyaga yetgan buqaga kuniga 40 kilogrammgacha silos beriladi.
Pichan tomorqada o‘stirilgan beda va o‘tlardan tayyorlanadi. Ular gullash boshlangan paytda o‘rib olinsa to‘yimli bo‘ladi. Mollarga bir kunda 10-12 kg pichan beriladi.
Senaj-qoramol uchun qimmatli ozuqadir. U tomorqadan chiqadigan beda va dukkakli ekin poyalaridan tayyorlanadi.
Ildizmevalilar – qand va xashaki lavlagi, sabzi, turp – molga kuzda va qishda 15-30 kilogrammgacha maydalab beriladi.
Tert yem (kepak, shrot, kunjara, don maydalari) va dag‘al ozuqa (somon, xashak)ni aralashmasi. Somon va xashak suvda 2-3 marta yuvilib, 25 foizgacha yem va mol boshiga 30 gramm osh tuzi qo‘shilgach, yaxshilab aralashtiriladi. Keyin iliq suvda 10-12 soat ivitib qo‘yiladi. Bitta molga 5-6 kilogramm berilganda juda ishtaha bilan yeydi va tezda hazm qiladi.
Donli ozuqalar (arpa, suli, no‘xat, makkajo‘xori)ning donlari mollarga maydalab yoki yanchib beriladi.
Kunjara, shrot molga kuniga 2-3 kilogramdan beriladi.
Barda tarkibida 85-95% suv bor. Mollarga sutkasiga 80-90 litr barda yedirilsa ular tez semiradi.
Buqa yaxshi va to‘g‘ri boqilsa, uning kunlik tirik vazni o‘sishi 800-1200 grammga boradi.
A. Nurmatov, B. Allashov
Yana o‘qing: SOCHLAR PARVARISHI UCHUN MUHIM MASLAHATLAR