Anjir ekish va parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar
Ekish uchun tavsiya etiladigan anjir navlari: kadota, qora-anjir, kri’mskiy, uzbekskiy jelti’y va h. k.
Ko‘chatlarni ekishga tayyorlash va ekish. Ko‘chatlarni ekishga tayyorlashda avvalo, tomorqa maydonini yaxshi tekislanadi, so‘ng yerga yetarli miqdorda – go‘ng, chirindi, fosforli, kaliyli va azotli o‘g‘itlarni solib, chuqur qilib haydaladi.
Anjirni ekish sxemasi – 5×4–5 m, ko‘chatlarini ekish muddati – mart oyi davomida amalga oshiriladi.
Ko‘chat ekish uchun chuqurligi va kengligi 50×50 sm bo‘lgan chuqurchalar kovlanadi. Chuqur qazishda tuproq ustki qismini 20–25 sm qatlami o‘raning bir tomoniga olib, qolgan qismi ikkinchi tomonga olib qo‘yiladi. Ko‘chatni ekishdan oldin tayyorlab qo‘yilgan shaltoqqa (yangi mol go‘ngi tuproq bilan 1:1 nisbatda aralashtirilib, qaymoqsimon massa tayyorlanadi) botirib olinadi so‘ngra ekiladi.
Ko‘chat o‘raga qo‘yilib, oldin olingan tuproq chuqur tagiga solinib ko‘miladi. Ko‘chat ekilgandan so‘ng har bir chuqurga to‘la suv quyiladi. Bunda tuproq zichlanib, ko‘chat yaxshi ko‘karadi. Tuproq cho‘kkandan so‘ng ko‘chat atrofiga tuproq solib to‘ldiriladi. Ko‘chatlar tuproq namligiga qarab sug‘orib turiladi.
Parvarishlash. Anjir qishga ko‘miladigan subtropik ekin turi. Uni butasimon shakllantirish qishga ko‘mishni qulaylashtiradi. Bunda asosiy 3–4 ta yirik shox qoldiriladi. Qishdan chiqqan anjir tuplari novdalarini 1/3 qismiga qisqartiriladi. Qalinlashib ketgan shoxlar siyraklashtiriladi, bu hosilni kamaytirmasdan, balki anjir tupini ichiga shamol, quyosh nuri kirishini ta’minlaydi.
Tomorqadagi anjir tuplariga 250–300 g azotli, 200–220 g fosforli va 180–200 g kaliyli o‘g‘itlar sof holda solinishi tavsiya qilinadi. Azot o‘g‘iti ikkiga bo‘lib, 30–40 foizi kuzda, qolgani aprel va iyul oylarida teng miqdorda solinadi. Har 2–3 yilda o‘rtacha 50–60 kg chirigan go‘ng solish hosildorlikni oshishiga ijobiy ta’sir etadi.
Bo‘z tuproqlarda anjir o‘simligiga o‘suv davri mobaynida 6–10 marta, shag‘alli yerlarda 10–12 marotaba sug‘oriladi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Anjirga asosan o‘rgimchakkana zarar keltiradi.
O‘rgimchakkanaga qarshi 17,5 foizli Perfekto sus. k. (10 sotix maydon hisobiga 15–20 ml) purkaladi.
Hosilni yig‘ishtirish. Anjir mevalari yozning o‘rtalaridan pisha boshlaydi. Turli navlar har xil muddatlarda pishadi. Mevalar bandi bilan uzilsa ular sifatini buzmay, uzoqroq saqlanadi. To‘q jigarrang rangli mevalar navga xos rangga kirganda uzish boshlanadi. Saqlashga va quritishga mo‘ljallangan mevalar o‘z muddatida uzilganidagina ulardan yuqori sifatli anjir olish mumkin. Pishib ketgan mevalar vaqtida terib olinmasa shoxida qurib qoladi.
Yana o‘qing: Zirali choy
Sh. Ahmedov