O‘choqli pnevmoniya yoki bronxopnevmoniya, o‘pkaning bir bo‘lagi, ba’zan undan ham kam qismining yallig‘lanishi bilan xarakterlanadi. Yallig‘lanish o‘choqlari ko‘p bo‘lib, bir yoki har ikkala o‘pkada paydo bo‘lishi mumkin. Yallig‘lanish jarayonining, odatda, bronxit shaklida bronxlarda boshlanishi, so‘ng o‘pkaning bir yoki bir necha bo‘lagini qoplab, alveolar to‘qimaga o‘tishi bu kasallik uchun xosdir. Bu infeksiyaning bronxogen deb ataluvchi tarqalish yo‘lidir. Kamroq hollarda yallig‘lanish jarayoni infeksiyaning gemotogen yoki limfogen yo‘li bilan tarqalishi oqibatida boshlanadi.
O‘choqli pnevmoniya mustaqil, ko‘pincha, boshqa kasalliklar asorat berishi oqibatida paydo bo‘ladi. Amaliy maqsadlar uchun o‘choqli pnevmoniyaning quyidagi tasnifidan foydalaniladi: gripp va boshqa yuqumli kasalliklarda bo‘ladigan pnevmoniya (toshmali terlama, ornitoz va boshq.), gipostatik, aspiratsion, atelektatik, travmatik va operatsiyadan keyingi pnevmoniyadir.
Etiologiyasi. Bu kasallik bronxit, gripp, yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi oqibatida vujudga keladi. Kasallikning paydo bo‘lishiga, stafillokokklar, streptokokklar, pnevmokokklar, Fridlender tayoq- chasi, viruslar, mikoplazma, rikketsiyalar sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘tkir o‘choqli zotiljam qon aylanishi buzilganda, buyrak kasalliklarida, ko‘kyo‘tal, ichterlama, revmatizm, kollagenoz kasalliklarida, sepsis, ayrim gazlardan zaharlanganda, narkozdan so‘ng (aspiratsiya), ko‘krak qafasi, qorin, bosh jarohatlanganda yuzaga kelishi mumkin. Kasallik kelib chiqishida mikroblar ko‘pincha nafas yo‘llari orqali o‘tib alveolalarga boradi. Bunga bronx shilliq pardalarining to‘siqlik faoliyati pasayib ketganligi sabab bo‘ladi.
Klinikasi. Ko‘pincha kasallik qachon boshlanganligini bilib bo‘lmaydi, chunki ko‘pchilik hollarda u ilgaridan bemorda bo‘lgan bronxit yoki yuqori nafas yo‘llari kuchli yallig‘lanishining davomi hisoblanadi. Kasallik bir necha kun davomida rivojlanishi va tugashi mumkin, lekin ba’zan bir necha haftaga ham cho‘zilib ketadi. Bunday bemorlarning shikoyati doimiy emas. Ba’zan ular ko‘krak yoki ko‘rak ostidagi og‘riqdan, kamquvvatlik, bosh og‘rig‘i, nafas qisishi, balg‘amli yo‘taldan shikoyat qilishadi. Tana harorati 38°C, ko‘pincha 39—40°C ga ko‘tariladi. Haroratning egri chizig‘i remittatsiyalanuvchi yoki intermittatsiyalanuvchi isitmanikiga o‘xshaydi. Agar bronxopnevmoniya isitmalash bilan o‘tayotgan kasallik bilan birga boshlansa, harorat egri chizig‘ining xarakteri va balandligi ham shunga qarab o‘zgaradi.
Zaif yoki qari bemorlarda bronxopnevmoniya normal yoki subfebril harorat bilan kechishi mumkin. Obyektiv tekshirishda sianotik tusga ega bo‘lgan yuz terisi va ko‘rinadigan shilliq pardalar gipermiyasi seziladi. Nafas harakatlari tezligi minutiga 25—30 gacha yetadi. Perkussiyada yallig‘lanish zonasida ma’lum darajada ifodalangan perkutor tovushning o‘tmaslanganini eshitish mumkin. O‘tmaslangan joy ustida tovush titrashi kuchayadi. Shuningdek, mayda pufakli jarangli xirillash eshitiladi.
Puls tana haroratiga qarab tezlashadi, arterial qon bosimi pasayadi. Rentgen qilinganda o‘pka maydonlari bo‘ylab diffuz tarqalgan va ko‘pincha o‘zaro qo‘shilib ketadigan va qorayib turgan dog‘lar intensivligi turlicha bo‘lgan yo mayda, yoki yirik o‘choqlar ko‘rinadi.
Laboratoriya tahlillarida: 1 mm3 qonda leykotsitlar 10000— 15000 (10-109/l—15-109/l)gacha yetadi. Sal ifodalangan neytrofilloz kuzatiladi. EChT tezlashadi.
Grippoz o‘choqli pnevmoniya og‘ir o‘tishi va aniq ifodalangan intoksikatsiya bilan xarakterlanadi. Yo‘tal vaqtida qonli balg‘am ajraladi. Grippoz pnevmoniya ko‘pincha o‘pka abssessidan iborat asorat qoldiradi.
Gipostatikpnevmoniya uzoq vaqt chalqancha yoki bir yonboshda yotishga majbur bo‘lgan og‘ir bemorlarda uchraydi. Odatda, u o‘pkaning o‘pka to‘qimasi ventilatsiyasi zaiflashgan pastki bo‘lak- larida paydo bo‘ladi. Bunda qon bilan to‘la kapillarlardan alveolalarga seroz suyuqlik va eritrotsitlar o‘tadi.
Aspiratsion pnevmoniya bronxlarga infeksiya yuqqan yot jismlar, masalan, ovqat bo‘laklari, yiring, karioz, tish parchalari va boshqalar kirib qolishi oqibatida rivojlanadi. Dastlab bronxda rivojlangan yallig‘lanish jarayoni o‘pkaning shu bronx bilan tutash bo‘lgan qismiga tarqaladi. Shunday yo‘l bilan paydo bo‘lgan pnevmoniya o‘pka abssessi rivojlanishi bilan tugashi mumkin.
Jarohatdan keyingi pnevmoniya ko‘krak qafasi, yuz-jag‘ va bosh miya suyagi jarohatlangan kishilarda va kam hollarda oyoq-qo‘l jarohatlangan bemorlarda rivojlanadi. Ko‘krak qafasi va yuz-jag‘ shikastlanganda pnevmoniyaga ko‘pincha qon, ovqat parchasi, og‘iz bo‘shlig‘idan kirgan nekrotik va yiringli massalarning o‘pkaga o‘tishi va uning atelektazini keltirib chiqarishi sabab bo‘ladi. Umurtqa pog‘onasi, ayniqsa, yuqori qismlari jarohatlanganda nafasning buzilishi ro‘y beradi, bunda nafas noto‘g‘ri, yuzaki bo‘lib qoladi. Bularning hammasi ham atelektazga, keyinchalik esa pnevmoniyaga olib kelishi mumkin. Jarohatdagi pnevmoniya tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal paydo bo‘lishi yoki uning kuchayishi, nafas qisish pulsning tezlashishi asosida aniqlanadi.
Ko‘pincha, bunday pnevmoniyalar joylashgan o‘pkaning pastki qismlarida perkutor tovushining o‘tmaslanishi va mayda pufakli jarangli xirillashlar aniqlanadi.