Ayrimlar o‘z Wi-Fi tarmog‘ining parolini unutib qo‘yadi. Bu ayniqsa kompyuter yoki gadjetlar tez-tez almashtirib turilganda ko‘p kuzatiladi. Mana shunday vaziyatda parolni topishning besh usuli mavjud, deb yozadi “Layfxaker”.
Bu usulni o‘zingizga tegishli routerga nisbatan qo‘llasa bo‘ladi. Zamonaviy routerlarning ko‘pchiligida o‘ziga xos tarmoq nomi va parol mavjud bo‘lib, ular seriya raqami keltirilgan yorliqda bo‘ladi.
Routerning tashqi yuzasini sinchiklab ko‘zdan kechiring. Agar u yerda hech qanday axborot bo‘lmasa, yo‘riqnomani o‘qing yoki internetdan router modelini qidirib ko‘ring.
Agar tarmoqqa Windows orqali ulangan bo‘lsangiz, unda parol saqlanib qoladi. Windows’ning versiyasiga qarab menyu punktlarining nomi farqlanishi mumkin, ammo mazmunan ular bir narsani anglatadi.
“Tarmoqlar va umumiy foydalanishni boshqarish markazi”ga kirib, simsiz tarmoqlar ro‘yxatiga o‘ting. So‘ng kerakli tarmoq xususiyatlarini ochib, “Tarmoq xavfsizligi kaliti” satrida parolni ko‘ring. “Kiritilayotgan belgilarni ko‘rsating” bandiga galochka qo‘yishni unutmang.
Mac dasturida ham jiddiy farq yo‘q. OS X ilgari foydalanilgan barcha tarmoqlarning parolini saqlab qoladi.
“Kalitlar dastasi”da barcha parollar saqlanadi. “Dasturlar”dan Spotlight’ni ishga tushiring, pastroqdagi panelda “i” tugmasini bosing. “Parolni ko‘rsatish” bandiga galochka qo‘yib, ma’mur shifrini kiriting va Wi-Fi parolini oling.
Agar router veb-interfeysiga kira olsangiz, parolni o‘sha yerdan topishingiz mumkin. Buning uchun brauzerdan 192.168.0.1 yoki 192.168.1.1 manziliga o‘tib, login va parolni kiriting. Har bir ishlab chiqaruvchining menyu strukturasi biroz farqlanadi, ammo barchasida Wireless Network bo‘limi bor — uni topib, Security punktiga kiring. U yerda simsiz tarmoq paroli saqlanadi.
Parol berkitiladi, u aks etishi uchun Display password tugmasini bosing.
Parolni hech qanaqasiga topa olmasangiz, uni buzish yoki bekor qilish lozim. Bu usulning yagona nuqsoni — agarda provayderingiz ulanishning o‘ziga xos sozlamalarini qo‘llasa, ularning barchasini boshqatdan sozlab chiqishga to‘g‘ri keladi.
Routerni olib, uning portlar va boshqaruv tugmalari joylashgan qismini ko‘zdan kechiring. Yonida Reset deb yozilgan kichik teshikni qidiring. Uni qisqich yoki igna bilan bosib, bir necha soniya davomida ushlab turing. Agar bu kor qilmasa, unda Reset’ni bosib, routerni 30 sekundga o‘chiring, so‘ng yoqib, yana 30 sekunddan keyin tugmani qo‘yib yuboring. Shundan so‘ng router sozlamalari bekor qilinadi va siz yuqorida ko‘rsatilgan usullardan biri yordamida parolni bilib olishingiz mumkin bo‘ladi.