Mashinani ichida o‘tirib namoz o‘qisa bo‘ladimi?
SAVOL:
Assalomu alaykum. Uzoq yo‘lga transportda ketayotganda namozlarni qiblaga teskari bo‘lsa ham sunnat amallarni ado etmasdan mashinani ichida o‘tirib o‘qisa bo‘ladimi?
2020.06.07
JAVOB:
Va alaykum assalom. Farz va vojib namozlarni ulov va mashinalarda oʼtirib oʼqib boʼlmaydi.
Nafl namozlarni musofirchilikda ulov va mashinalarda oʼtirib, qaysi yoʼnalishda ketayotgan boʼlsa ham, oʼqisa boʼladi. Bu holatda namozxon ulovni yoki mashinani haydayotgan boʼlmasligi kerak.
Nafl namozlarni muqimlikda ulov ustida faqat qiblaga qarab oʼqish mumkin.
Ulovga minib namoz oʼqish haqida Mulla Аli Qori shunday deydilar: “Nafl namozlarni shahar tashqarisi (yaʼni, musofir namozni qasr qiladigan oʼrinlar)da ulovga mingan holda, qibladan boshqa tomonga qarab ham imo ishora bilan oʼqib ketish mumkin. Imom Muslim, Аbu Dovud va Nasoiylar Ibn Umardan rivoyat qilgan hadisda: “Nabiy sallallohu alayhi vasallamni Xaybar tomonga yuzlanib, ulovlari ustida namoz oʼqiyotganini koʼrdim”, deyiladi. Boshqa rivoyatda “…Bu ishni (yaʼni, ulovda namoz oʼqishni) farzlarda qilmas edilar”, deb keladi. Farzdan oldingi va keyingi sunnatlar ham nafllar qatorida boʼladi. Faqat Imom Аʼzam rahmatullohi alayh bomdodning sunnatini ulovdan tushib oʼqiydi, chunki u boshqalariga nisbatan taʼkidlanib kelgan, deganlar.
Farzlarni, jumladan vitrni ham ulovda oʼqib boʼlmaydi. Faqat uzr boʼlsagina, ulovdan tushsa kasali ziyoda boʼladigan boʼlsa, yirtqichdan yoki dushmandan qoʼrqsa yoki yer loy boʼlib, sajdada yuzi loyga botib ketadigan boʼlsagina joiz. Xuddi shunday, nazr qilingan namozlar, buzib qoʼyilgan naflning qazosi, janoza namozi, yerda tilovat qilingan sajda oyati ulovga minib ado etilmaydi (“Fathi babil inoya”). Vallohu aʼlam.
Oʼzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati.
fatvo.uz