Har qanday huquqiy demokratik davlatda o‘zaro nizolar sudlarda hal qilinadi. U yoki bu shaxsning maqomidan qat’iy nazar bir-biri bilan sudlashuvi masalaning ko‘cha qonunlari asosida, zo‘ravonlik bilan hal qilinishidan ko‘ra, ming chandon yaxshiroq. Har holda muammo haqida gapirganlarning popugini “ko‘cha uslubi”da pasaytirishga uringan ayrim rahbarlarni ham ko‘ryapmiz. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovni demokrat, har qanday tanqidga toqatli amaldor, novator va islohotlardan cho‘chimaydigan rahbar sifatida ko‘pchilik hurmat qiladi. Shundanmi, u boshqarayotgan xalq ta’limi tizimining tanqidchilari juda ko‘p. Va o‘z navbatida bu tizimda ham muammolar bir talay. Ijtimoiy tarmoqlardagi faol chiqishlari bilan tanilgan Qobil Dӯsov joriy yilning 24 iyun kuni o‘z sahifasi orqali Xalq ta’lim tizimini qattiq tanqid qiladi. O‘z videomurojaatida sohaning, xususan attestatsiya tizimining korrupsiyaga botganligi, maktablardagi sharoitlarning yomonigi, o‘qituvchilar oyligi pastligi va umuman tizimning og‘ir ahvoli haqida gapiradi. Bu chiqish va unda aytilgan achchiq gaplar Xalq ta’limi vazirligining e’tiboridan chetda qolmadi. Joriy yilning 11 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Qobul Do‘sov ustidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritadi. Unda Dӯsovning tanqidiy videomurojaati orqali vazirlikning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatgani aytiladi. Xalq ta’limi vazirligi o‘zining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatganligi uchun fuqaro Qobul Do‘sovdan raddiya berishni talab qilmoqda. 18 sentabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudida mazkur da’vo ko‘rib chiqildi. Ushbu voqea jamoatchilik e’tiboriga tushib, shov-shuv bo‘lgani sababli bu yerda jurnalist va blogerlar talaygina yig‘ilganiga guvoh bo‘ldik. Soat 11.00 ga belgilangan ochiq sudga kirishda jurnalistlar muammoga uchradi va 10-15 daqiqa kechikib, sud zaliga qo‘yildi. Sudda dastlab da’vorgar tomonning da’vosi va javobgar tomonning bu yuzasidan munosabati va faktlari tinglandi, guvohlar eshitildi. Sudya barcha huquqiy jarayonlardan so‘ng sud ishida tanaffus e’lon qildi. Biz jarayon tugagach, Xalq ta’limi vazirligining ishonchli vakili, huquqshunos Xurshid Asrorovdan bugungi sud jarayonlari yuzasidan fikr-mulohaza va munosabat so‘radik. Ammo u hozircha bu borada fikr bildirmasligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng biz sudga javobgar tomon sifatida jalb qilingan Qobul Do‘sovga mikrafon tutdik. “Bugun sud ishi yomon o‘tmayapti. Protsess yaxshi davom etmoqda. Biz da’vo yuzasida fakt va hujjatlarni sudga taqdim qildik. Ya’ni o‘qituvchilar boshidagi adolatsizliklar, ularni majburiy mehnatga jalb qilish, turli yig‘imlarga oid faktlarni topshirdik. Umid qilamanki, sudya mavjud holatlarni inobatga olib, adolatli hukm chiqaradi”, deydi Qobul Do‘sov. O‘z navbatida tanqidlardan so‘ng unga nisbatan qandaydir tahdid va bosimlar bo‘ldimi-yo‘qmi degan savolga “Yo‘q, hech qanday bosim bo‘lmadi. Vaziyatning barcha huquqiy davlatlarda bo‘lgani kabi sud bilan hal qilinayotgani mening vazirga nisbatan hurmatimni yana bir karra oshirdi”, deydi javobgar. “Sud qay darajada adolatli o‘tyapti”, degan savolga sudda Qobul Do‘sovga adovkatlik qilyotgan Umid Davlatov sud ishidan qoniqyotgani va da’vogarlarning mijoziga nisbatan talablari asossiz ekanini ta’kidladi. “Hozirda da’vogar tomon “Fuqarolik kodeksi”ning 100-moddasi bo‘yicha (“Fuqaro o‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar yuzasidan, basharti bunday ma’lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to‘g‘ri kelishini isbotlay olmasa, sud yo‘li bilan raddiya talab qilishga haqli”) raddiya talab qilyapti. Biz bu aynan nimalarda aks etgani va qay darajada ekani haqida isbot so‘radik. Biz uchun ular keltirayotgan va’jlar yetarli emas. Qolaversa, 5 ta holatdan biri, ya’ni 159-moddaning keltirilishini mijozim Qobul Do‘sov o‘ziga nisbatan tahdid deb baholaydi. Ma’lumki, ushba moddada “O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga yoxud qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq da’vat qilish, shuningdek, bunday mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish” bayon qilingan”, deydi advokat Umid Davlatov. Sud jarayonlarida guvoh sifatida ishtirok etgan Toshkent shahri, Yashnobod tumanidagi 282-maktab o‘qituvchisi Komila Husanova javobgar Qobul Do‘sovning gaplari asosli ekanini aytib, o‘zi faoliyat yuritayotgan ta’lim maskanidagi adolatsizliklar va noqonuniy harakatlar to‘g‘risida axborot berdi. Jumladan, maktabdagi korrupsion holatlar, nomutaxassislar faoliyati, noqonuniy yig‘imlar va davlat mulkini talon-taroj qilishga oid ishlar xususida gapirdi va bu to‘g‘risida tuman, shahar, respublika miqyosidagi ta’lim tashkilotiga murojaat qilgani, biroq bu murojaatlar e’tiborsiz qolayotganini bildirdi. Hozircha sud ishida tanaffus. Sud jarayonlari joriy yilning 23 sentabr, soat 16.00 da davom ettirilishi ma’lum qilindi.