Vaksina olgan fuqarolar uchun 750 ming soʻm berilyaptimi?
Ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtimizda vaksina olgan fuqarolar uchun 750 ming soʻm miqdorida pul mablagʻi berilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni
maʼlum qiladi.
Sir emas, soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda sodda odamlar ishonchiga kirib, ularning bank plastik kartalaridagi shaxsiy pul mablagʻlarini aldov yoʻli bilan qoʻlga kiritish hollari tez-tez uchramoqda.
Xususan, internet orqali yurtimizda vaksina olgan fuqarolar uchun 750 ming soʻm miqdorida pul mablagʻi berilayotgani haqidagi asossiz, hech qanday haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar ayni ana shu maqsadda takror-takror tarqatilyapti.
Shu bois vazirlik avval ham mazkur yolgʻon axborotlar boʻyicha bir necha bor oʻz munosabatini bildirgan va aholidan bunday maʼlumotlarga ishonmasliklarini soʻragan edi.
Biroq uydirma xabarlarni tarqatuvchi bu kabi kimsalar odamlar ishonchini qozonish uchun yangi-yangi aldov usullarini qoʻllamoqda. Yaʼni, endilikda ular internetda Sogʻliqni saqlash vazirligi nomidan maxsus sahifa ochib, aholini oʻz tuzogʻiga ilintirishga urinyapti.
Jumladan, vazirlikning rasmiy veb-sayti bilan bir xil dizaynda tayyorlangan sahifaning asosiy fonida vaksina olganlarga 750 ming soʻm miqdorida pul mablagʻi berilishi aytilgan. Buning uchun shaxsiy maʼlumotlarni kiritish soʻralgan.
‼️Aslida yuqorida keltirilgan axborot firibgarlik maqsadida tarqatilgan boʻlib, hech qanday rasmiy asosga ega emas.
Shu bois vazirlik aholidan yana bir bor bu kabi «feyk» xabarlarga ishonmasliklarini, vaksinatsiya jarayonlari bilan bogʻliq eng toʻgʻri maʼlumotlarni Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy
ssv.uz sayti hamda telegramdagi
https://t.me/ssvuz,
https://t.me/ssvmatbuotkotibi sahifalari orqali olishlari mumkinligini eslatib oʻtadi.
Unutmang, bunday yolgʻon xabarlarni tarqatish tegishli tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:37