O‘qituvchiga oson tutmang...
Adashmasam, bu voqea uch yoki to‘rtinchi sinfda o‘qiyotganimda bo‘lgan edi.
Maktab oshxonasida butun sinfimiz bilan darsdan keyingi kun uzaytirilgan gurux (prodlyonka)da ovqatlanayotgan edik. Bir sinfdoshim qo‘lidan tarelkani tushirib yubordi, jaranglagan ovozni eshitib o‘qituvchimiz yetib keldi va qulog‘imning tagiga zarb bilan shunday tushirdiki, ko‘zimdan o‘t chiqib ketdi. Yig‘lagancha uyga yugurdim, sababi: qon sizib oqayotgan edi. Og‘riq to‘xtagani yo‘q, lekin qon to‘xtadi. Onam sezdilar, dadamdan yashirdim. Qulog‘im anchagacha og‘rib yurdi. Onam o‘sha o‘qituvchiga «Yaxshi ish qilmabsiz urib, buning aybi yo‘q ekan»,— deyishgan xolos…
—- —-
Tanaffus tugab, sinf xonamizga yugurib kirib kelyapmiz. To‘polonda o‘zim qoqilib ketdim yoki kimnidir oyog‘iga qoqildim. Boshim bilan partani qirg‘og‘iga urildim, natijada qoshim yorildi, izi bor xozir ham. Bir muddat o‘zimni yo‘qotdim va ustozim bilan ming hadikda hovlimizga kirib kelyapmiz. Boshimni boylanganini ko‘rib, dadam:
— Ha, opoy, tinchlikmi, nima bo‘ldi ?
— Sinfda yiqilib tushdilar, qaramay qolibmandaa.
— Yaxshi bo‘lmabdi, katta bo‘lganda o‘zingiz javob berasiz.
—……..
Dadam kulib turib:
— Qoshi chandiq bo‘lib qolibdi, katta bo‘lganda o‘zingiz kelin topib berasiz….
—- —-
Ish payti telefonim jiringlab qoldi, ko‘tardim.
— Assalomu alaykum, aka, man Ravshanjonman.
— Va alaykum assalom, tanidim, tuzukmisiz?
—O‘g‘lingizni qo‘li darsda qayrilib ketdi, ekstrenniydamiz.
Shifoxonaga yetib bordim, Ravshanjon bilan Avazxon Dexkanov aka o‘g‘lim bilan rentgenxona yonida turishibdi. Qadrdonlarim bilan quchoqlashib ko‘rishdik.
— Men bilan ko‘rishish uchun o‘g‘limni qo‘lini sindirishlaring shartmidi? Kulishib, gaplashib turibmiz.
Rentgen javobi chiqdi. O‘ng qo‘l bilak sohasida ikkita suyakning ochiq sinish holati. Operatsiya yaxshi o‘tdi, sim o‘tkazilib, uch oy muddatga gips qilindi…
Avvallari farzandini ilm egallash maqsadida olib kelgan otalar ustozga: «Eti sizniki, suyagi bizniki»,— deyishar ekan. Mubolag‘a bo‘lsada, qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham ilm o‘rgating, suyagi butun qolsa bo‘ldi, degani edi.
Hozir o‘qituvchi biror bir o‘quvchining qulog‘ini qattiqroq tortib qo‘ysa bormi, ijtimoiy tarmoqda bong urib muhokamaga kirishishadi. «O‘qituvchini jinoiy javobgarlikka tortish kerak», «shunchalikkayam boradimi…»
« Qanday vahshiylik…» Shu fikrni bildirayotganda qalbimizga quloq tutaylik. Qaysi o‘qituvchi jimgina dars tayyorlab o‘tirgan o‘quvchining oldiga borib quloqlari ostiga tarsaki tushiradi yoki o‘z-o‘zidan quloqlaridan tortib kaltaklay boshlaydi. O‘qituvchi o‘quvchini kaltaklashiga qarshiman, ammo…
Hammamizga insof bersin. Bugun arzimagan bahona bilan yonini olayotgan farzandimiz ertaga bizga qanday kunlarni ko‘rsatar ekan….Aqlimiz tarozisida tortib ko‘raylik.
Bunga o‘xshash holatlar faqat menda emas, sizlarda ham bo‘lib o‘tgan bo‘lishi mumkin. Ham o‘qituvchi, ham ota sifatida ota-onalarimizni o‘quvchilarimizga ta’lim-tarbiya berishda ustozlarga ko‘makchi bo‘lishlarini xohlardim. Shundagina biz o‘zimiz orzu qilgan farzandlar kamolini ko‘ramiz, salomat bo‘linglar.
©Abdullatif Xamedov
Mavzuga doir:
O’qituvchilar haqida ta’sirli hikoya
O‘qituvchilar berilishi kutilayotgan imtiyozlardan mahrum qilinibdi
Nima uchun o‘qituvchilar doimiy horg‘in qiyofada yurishadi?
Joylangan vaqt: 2022-11-29 21:29:44