«O‘qituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart.» — Saida Mirziyoyeva
Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilar zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklash bilan bog‘liq holatlarga e’tiroz bildirdi va mas’ul shaxslardan ushbu muammoni imkon qadar tezroq hal qilishni
so‘radi.
«O‘qituvchilarni xuddi yigirma yil oldingi kabi yana xonadonlarni aylanib chiqishga va o‘quvchilar ro‘yxatini tuzishga majbur qilishayotgani haqida eshitib, juda xafa bo‘ldim.
Men o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabatni qayta ko‘rib chiqish o‘ta zarur deb hisoblayman va mutasaddilardan ularning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishlarini so‘rab qolaman.
O‘qituvchilarning asosiy vazifasi — farzandlarimizga bilim berish orqali mamlakatimiz kelajagini ta’minlashdir.
Buning o‘zi juda murakkab vazifa. Ta’lim yo‘nalishida shundoq ham muammolar g‘ij-g‘ij bo‘lib turganida, ustiga-ustak o‘qituvchilar gardaniga yana qandaydir qo‘shimcha vazifalar yuklash — bu endi ortiqcha.
O‘qituvchilarni ortiqcha ishlarga majbur qilish nafaqat maktabga, balki O‘zbekiston kelajagiga ham zarar yetkazadi.
Men barcha mas’ul shaxslardan ushbu muammoni imkon qadar tezroq hal qilish va o‘qituvchilardan dars berishdan boshqa barcha vazifalarni ozod qilishini so‘rayman.
Hozir mamlakatimizda ta’lim birinchi raqamli ustuvor masaladir. Biz o‘qituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart. Ular jamiyatning eng hurmatli va ardoqli qatlamiga aylanishi, buning uchun barcha birdek harakat qilishi zarur deb hisoblayman.
Zero faqat ta’lim, faqat o‘qituvchilar yordamidagina biz taraqqiyotga erisha olamiz. Farzandlarimiz kelajagi ularning hayotda o‘z o‘rnini topishlari uchun ham ustozlarimizni e’zozlashimiz shart!» — deya post qoldirgan Mirziyoyeva o‘zining rasmiy sahifasida.
Mavzuga doir:
O’qituvchi obro’sini oshirish uchun nima qilish kerak?O‘qituvchining jamiyatdagi o‘rni haqida maqolao‘qituvchilar 1000 dollar oylik oladimi? yoxud yaqin kelajakda bizni nimalar kutyapti?Joylangan vaqt: 2022-11-29 21:29:21