❓Maxsus sirtqi ta’lim shakli o‘zi nima?
Ko‘pchilikka tanish bo‘lgan bu atama aslida sirtqi ta’lim shaklining o‘ziga xos turini anglatgan. Ya’ni sirtqiga hamma kirishi mumkin bo‘lsa, maxsus sirtqiga faqat muayyan sohada 3 yil stajga ega bo‘lganlargina olingan. Mana shu asosiy farq edi. Qolgan qismlari deyarli bir xil bo‘lgan. Shu sababli qonunchilikda ham «sirtqi (maxsus sirtqi)» atamasi birgalikda yonma-yon
ishlatilgan (masalan, Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida
nizom).
Ammo 2020 yilga kelib vaziyat o‘zgardi. O‘sha yili qabul qilingan yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risi”dagi
qonunning 15-moddasida O‘zbekistonda mavjud ta’lim olish shakllari sanab o‘tildi va ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olishda 3 ta shaklga ruxsat berildi: sirtqi, kechki, masofaviy. Qonunda maxsus sirtqi ta’lim shakli yo‘q.
Shu sababli qonunchilik bo‘yicha 2020 yildan maxsus sirtqi degan shakl tugatildi va qabullar amalga oshirilmadi.
Lekin bu maxsus sirtqi butunlay yopilganini anglatmaydi. Shunchaki ular ham sirtqi shakl deya hisoblandi. Ya’ni staji borlar endi maxsus sirtqiga emas, alohida kvotada sirtqiga qabul qilinadigan bo‘ldi. Masalan, 21.06.2022 yildagi PQ-289-sonli Prezident
qaroriga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yili qabulidan boshlab davlat OTMlarida pedagogika sohasidagi ta’lim yo‘nalishlarining sirtqi shakliga faqat pedagogik faoliyatga oid kamida besh yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxslargina qabul qilinishi belgilandi. Ya’ni keyingi yildan pedagogika sohasida sirtqiga faqat stajlilar qabul qilinadi, kechagina maktabni tugatgan oddiy abituriyent hujjat ham topshira olmaydi.
Xulosa: hozirda maxsus sirtqi degan shakl yo‘q, ammo staji borlar alohida sirtqi ta’lim shakliga qabul qilinishi mumkin.
🔖 Universitet izohi
Xalqaro Nordik universiteti vakillari bilan bog‘langanimizda, reklamada “maxsus sirtqi” atamasini odamlarga tushunarli bo‘lishi uchun ishlatishganini, ya’ni bu orqali ushbu yo‘nalishga qabul barcha uchun emas, faqat 3 yil stajga ega bog‘cha va maktab o‘qituvchilari uchunligini yanada soddaroq tushuntirishni maqsad qilishganini ta’kidlashdi. Garchi matnda “maxsus sirtqi” atamasi ishlatilgan bo‘lsa-da, lekin nomzodlar sirtqi ta’lim shakliga qabul qilinishi va ularga sirtqi shakl diplomi berilishini ma’lum qilishdi.
Ammo shunday bo‘lsa-da, universitet o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarga bergan shartnomasida “maxsus sirtqi ta’lim shakli uchun” degan yozuvlar bo‘lgan. Bu esa haqli e’tirozlarga sabab bo‘lgan. Universitet ma’muriyati mazkur kamchiliklarni zudlikda bartaraf etishsa yaxshi bo‘lar edi.
So‘ngso‘z o‘rnida, bunday chalg‘ituvchi atamalar ishlatilgan reklama uchun obunachilarimizdan uzr so‘rayman, holatdan afsusdaman. Ushbu postlar kanaldan o‘chirildi.
Yakuniy xulosa: yuqorida ta’kidlaganimizdek, avvallari ham maxsus sirtqi va sirtqi ta’lim deyarli bir xil bo‘lgan. Ammo hozir faqat sirtqi shakl mavjud. Sizning 3 yillik stajingiz bo‘lsa hamda OTM shartlariga rozi bo‘lsangiz, unda bemalol sirtqi shaklda o‘qishingiz mumkin.
Mavzuga doir:
Kollejlar va texnikumlarda kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllari joriy etiladiXorijiy davlat OTMining kunduzgi-sirtqi ta’lim shaklidan O’zbekistonga o’qishni ko’chirish mumkinmi?Sirtqi ta’limdan kunduzgiga o’qishni ko’chirish mumkinmi?Joylangan vaqt: 2022-11-29 21:29:16