Attestatsiyaga kirayotgan ustozlarga maslahatlar
Ma’lumki, ayni shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab pedagog kadrlar attestatsiyasining malaka (test) sinovlari boshlandi.
Bu jarayondan negadir juda ko‘pchilik qo‘rqadi. Eng achinarli tarafi esa test sinoviga kelgan o‘qituvchilarga ayrim «kuzatuvchilar» yaxshi munosabatda bo‘lishmaydi.
O‘qituvchilar test ishlash xonasiga kirishi bilan ularga huddi huquqbuzarlardek muomala qilinadi. «Tezroq o‘tiring», «gaplashmang», «atrofga alanglamang», «joyingizni topolmaysizmi», «yana bir marta sherigingizga qarasangiz chiqarib yuboramiz», «qanaqa odamsiz o‘zi» kabi qo‘pol gaplarni eshitishga majbur bo‘lishadi.
Bunga aslida o‘qituvchining o‘zi aybdor. Sababi ular o‘z huquqlarini yaxshi bilmaydi. Go‘yoki ortiqcha nimadir deyilsa test sinovidan past natija oladigandek vahimaga tushishadi. Ammo bu havotirlarning umuman keragi yo‘q.
Shuning uchun umuman qo‘rqmang! Siz pedagogsiz, siz ziyoli qatlamsiz, siz shu sohaning kelajagisiz. Sizga huquqbuzar yosh boladek munosabatda bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymang. Hech kimga siringizni bermang.
Balki test sinovidan biroz pastroq natija qayd etarsiz, ammo bu hammasi tugadi degani emas. Natijangiz yomon chiqdimi, demak yana o‘z ustingizda ko‘proq ishlashingiz kerak bo‘ladi xolos. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham sizga nisbatan hurmatsizlik qilishlariga yo‘l qo‘ymang. Doim mard bo‘ling!
Bilimingiz yetarli emasmi, buni mardlarcha tan olib qo‘yavering. Ammo qaddingizni hech qachon bukmang! O‘qituvchini hurmatini to‘kilishiga, shu ham o‘qituvchimi deyishlariga yo‘l qo‘ymang.
Attestatsiyaga qattiq tayyorgarlik ko‘ring. Sinov xonasiga qaddingizni g‘oz tutib kiring, toki sizga ehtiyotkorlik bilan, hushmomalalik bilan gapirishga majbur bo‘lishsin. Kim sizning nafsoniyatingizga tegsa, qo‘pol gapirsa, hurmatsizlik qilsa ta’sirchan javobingiz bilan kim ekanligingizni bildirib qo‘ying.
Bilib qo‘ying, hech kimni o‘qituvchiga hurmatsizlik qilishga, test sinovi oldidan ularni asabiy holga keltirishga haqqi yo‘q. Shuning uchun hotirjam bo‘ling. Siz barchasini uddalaysiz. Barchangizga omad yor bo‘lsin!
© Ulug‘bek Po‘latov
Mavzuga doir:
Pedagog xodim attestatsiyada necha ball to’plashi kerak?
Attestatsiyadan o‘tolmagan o‘qituvchiga dars beriladimi?
Kuzgi Attestatsiya savollari 2022 barcha fanlardan
Joylangan vaqt: 2022-11-29 21:29:10