2022-yil qabul natijalari bo‘yicha XTV munosabati
Joriy yil test sinovlari natijalariga oid ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilayotgan fikrlarga Xalq ta’limi vazirligi rasmiy
munosabat bildirdi.
Vazirlik, avvalo, bu masalada kuyunchaklik bilan bildirilayotgan turli fikr-mulohazalarning juda o‘rinli ekanini ta’kidlab, berilayotgan ko‘rsatkichlar barcha test sinovlarida qatnashgan 1 milliondan ortiq abituriyentlarning natijalari ekaniga ham e’tiborni qaratish lozimligini bildirgan.
Shuningdek, bir qator tahliliy holatlarni keltirgan:
— 2022 yilgi test sinovlarida ishtirok etgan jami abituriyentlarning 386 523 nafari yoki 24 foizi joriy yilgi maktab bitiruvchilarini tashkil etadi. 810 mingdan ortiq yoki 76% abituriyentlar kasb-hunar maktablari, akademik litseylar bitiruvchilari va eng asosiy qismi oldingi yillar davomida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinmagan yoshlardan iborat.
— 2021 yilda bitiruvchilarning o‘rtacha bali (samaradorlik ko‘rsatkichi) 2020 yilga nisbatan 69,8 balldan 74,9 ballga, ya’ni+5.1 ballga oshgan. Shuningdek, past natija ko‘rsatgan (56,7 balldan kam) bitiruvchilarning ulushi 2021 yilda 2020 yilga nisbatan qariyib -13% yoki -35 232 nafarga kamaygan.
Jumladan, 2020 yilda 56.7 balldan past natija ko‘rsatgan bitiruvchi-o‘quvchilar 138 780 nafar (yoki 46%)ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 103 548 nafar (yoki 33%)ni tashkil etgan.
«2022 yilgi maktab bitiruvchilarining test sinovlarida egallagan o‘rtacha ball ko‘rsatkichlari Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida joriy yilning oktabr oyida to‘liq tahlil etiladi va jamoatchilikka yetkaziladi», deya qo‘shimcha ma’lumot berilgan.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:10:11