Soʻfiy Olloyor hayoti, ijodi, asarlari, faoliyati, tarjimai hol, batafsil ma’lumotlar
Soʻfiy Olloyor oʻzbek mumtoz adabiyotida tasavvuf adabiyoti anʼanalarini izchil davom ettirib, oʻziga xos maktab yaratgan adib, shoir va mutafakkirdir. Shoir 1644 yilda Kattaqoʻrgʻon bekligiga qarashli Minglar qishlogʻida Olloquli (Temiryor) xonadonida dunyoga kelgan. Soʻfiy Olloyor dastlab Shayxlar qishlogʻidagi masjid qoshidagi maktabda, soʻng Buxorodagi madrasalarda taʼlim olgan. Madrasani tugatgandan keyin Joʻybor shayxlari qoʻlida tahsil koʻrgan. Soʻng Soʻfiy Olloyor maʼlum bir muddat Buxoroda Abdulazizxon saroyida soliq yigʻuvchi boʻlib ishlagan. Lekin tabiatan rahimdil, koʻngilchan Soʻfiy Olloyor bu ishda koʻp ishlamadi. Boylik orttirmadi. Ilm olishga, tasavvufni chuqur oʻrganishga, badiiy ijodga qattiq kirishib ketadi. Tinmay ijod etadi. Bunga ham qanoat qilmay oʻzidan bir pogʻona yuqori turgan mashhur mutasavvuf shayx Habibullohga shogird tushadi. Oʻn yildan keyin shayxlik martabasiga koʻtariladi.
Mutasavvuf shoir bu davr ichida “Maslak ul-muttaqiyin”, “Sabot ul-ojizin”, “Murod ul-orifin”, “Siroj ul-ojizin”, “Mah-zan ul-mutiʼn”, “Najot ut-tolibin” kabi diniy-falsafiy asarlar yaratdi. Soʻfiy Olloyorning bu asarlarida Qurʼoni karim oyatlari, Hadisi sharif hikmatlari va tasavvuf gʻoyalari ajib bir tarzda uzviy bogʻlanib ketgan. Faylasuf shoir ojizlarga, yoʻldan ozganlarga hidoyat va najot yoʻlini koʻrsatib beradi. Toliblarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi. Insofu adolatni, halollik va toʻgʻrilikni, oriflik, oshiqlik, xilvat va uzlatni toʻlib toshib kuylaydi, nafs va xudbinlikni qattiq tanqid qiladi. Dunyo lazzatlaridan voz kechib, oʻzni Haqning inon-ixtiyoriga topshirish falsafasini ilgari suradi. Markaziy Osiyoda keng tarkalgan Yassaviya-jahriya tariqati gʻoyalari uchun kurashdi.
Soʻfiy Olloyor sheʼrlarida dunyoviy ishq-muhabbatni ham toʻlib toshib vasf etgan. Shoir gʻazallarida qoʻllanilgan badiiy tasviriy vositalar kishini maftun qiladi:
Koʻrk uchun tushti ziloli laʼla mushkin xattu xol,
Tutti suhbat Xizr ila Kavsar qirgogʻinda hilol.
Nargisi masting xumori bodadin gulgunmudir?
Yo budurkim lolazor ichra tushan vahshi gʻizol…
Soʻfiy Olloyor dunyoviy ishq mavzusida bitgan sheʼrlarida ijtimoiy mazmundagi fikrlarini ham bayon etadi. Shoirning quyidagi baytlari fikrimizni toʻla tasdiqlaydi:
Hech ishim roʻyi zamin ichra kifoyat boʻlmadi,
Baxti kajimni soʻrogʻin berdi Qof arqosida.
Qoʻl sunub olguncha tegdi davr ayogʻi oʻzgaga,
Koʻz yumub ochkuncha umr oʻtti jahon gʻavgʻosida…
Shoir gʻazallarida mahbubaning maʼnaviy latofatini alohida shukuh bilan tarannum etadi. Ularda tasvir etilgan mahbuba mavhum ilohiy pari paykar, huru gʻilmon emas, siz bilan biz yashab turgan haqiqiy dunyodagi goʻzal qiz siymosi. Soʻfiy Olloyorning gʻazallarini dunyoviy adabiyotning yaxshi namunalari qatoriga qoʻyish mumkin.
Soʻfiy Olloyorning “Sabot ul-ojizin” deb nomlangan asari falsafiy-didaktik adabiyotning eng yaxshi namunalaridan biridir. Unda pir bilan shogirdlar oʻrtasidagi munosabatlar xususida fikryuritilgan. Ustozning shogirdlari oldidagi vazifalari, aksincha shogirdning pir odsidagi burchlari haqida bayon qilingan:
Kerak murpshd bergan monandi ummon,
Muborak botini pur durri marjon.
Jaholat dashtidin kim kelsa suvsab,
Aning tohir suvidan boʻlsa serob.
Agar boʻlsa kase, kim tolibi dur,
Choʻmub botinga jaybin aylasa nur…
Asarda komil insonni tarbiyalab yetishtirish asosiy masala qilib qoʻyilgan. Muallifning fikricha, inson maʼlum eʼtiqodga ega boʻlishi zarur. Eʼtiqodsiz, aniq maqsadsiz kishi behuda umr kechirgan boʻladi. Umri zoye ketadi. Unga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatish darkor.
Soʻfiy Olloyor inson feʼlidagi salbiy jihatlarni qanchalik iztirob bilan tasvirlasa, ijobiy tomonlarni shunchalik zavq-shavq bilan kuylaydi. Odamlarni ochiqkoʻngillikka, shirinsoʻzlikka, rahmdillikka, mehr-oqibatga, saxovatga daʼvat etadi:
Ochuq qoʻllik, kushoda yuzli boʻlgʻil,
Muruvvatlik, muloyim soʻzli boʻlgʻil.
Muloyim til bilan beharbu bezarb
Birovni keltirurlar sharqdan gʻarb.
Suchuq tildir ajib ganji muazzam,
Ato qilgon hech boʻlmagʻay kam…
Soʻfiy Olloyor oʻzbek adabiyoti tarixida tasavvuf taʼlimotini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan shoirdir. U oʻz sheʼrlarida soʻfiylikning axloqiy masalalarini keng targʻib qildi. Odam faqat shu yoʻl bilan haqiqat va komillikka erishadi, degan falsafani olgʻa surdi. Soʻfiy Olloyor asarlarini fors, arab tillarini puxta bilgan holda sodda oʻzbek tilida yozdi. Shuning uchun shoir asarlari xalq ommasi orasida keng tarqalgandir. Shoir asarlari Toshkent, Qozon, Boku, Istanbul va boshqa shaharlarda toshbosma yoʻli bilan bir qancha marta bosilib chiqqan.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:59