Zohidjon Obidov hayoti, ijodi, asarlari, faoliyati, tarjimai hol
Zohidjon Obidov haqida:, ijodi, asarlari, faoliyati, tarjimai hol, batafsil ma’lumotlar
Jangchi-shoir Zohidjon Obidov 1923 yili Toshkentda tugʻilgan. U oʻrta maktabni tugatib, oliy oʻquv yurtiga emas, frontga ‒ Ikkinchi jahon urushiga otlandi. Leningrad boʻsagʻalarida boʻlgan janglarda yarador boʻlib ona yurtiga qaytdi. Shundan soʻng Toshkent davlat universitetiga oʻqishga kirdi.
Uni tugatgach Namangan pedagogika institutida dars berdi. Ayni chogʻda viloyat Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qildi. Z. Obidov Toshkentga qaytganidan soʻng Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida hamda “Mushtum” jurnalida faoliyat koʻrsatdi.
U shoir sifatida 50-yillardan boshlab ijod qilib keldi. Bir qator sheʼrlari qoʻshiq boʻlib, hozirgacha xonandalarimiz tomonidan sevib kuylanadi. Shoirning yigirmadan ortiq sheʼriy toʻplamlari eʼlon qilingan. Jumladan, “Yaxshi niyat” (1957), “Yangi oyning oʻrogʻi” (1961), “Oshiq koʻngil bilan” (1963), “Xitoydan sovgʻa” (1963), “Tong yulduzlari” (1964), “Sening izlaring” (1965), “Koʻngil navosi” (1968), “Xandalarim” (1969), “Umid toʻlqinlari” (1972), “Yurakdagi mavjlar”, “Kuygan kuyov” (1973), “Tanlangan asarlar” (1974), “Talpinur dil” (1977), “Qoʻlingni ber” (1979), “Koʻngil taronasi” (1983), “Kuyla, dilkash dutorim” (1984), “Dilrabosan” (1984), “Baxshida” (1985), “Senga talpinaman” (1990), “Qanotli qushlar” (1991) kabi kitoblari bosilgan.
Zohidjon Obidov M. Lermontov, T. Shevchenko, M. Bajan, R. Hamzatov kabi mashhur shoirlarning asarlarini ham oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan. Jangchi shoir “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:57