Ilhom Zoyir hayoti, faoliyati, asarlari, mukofotlari
Ilhom Zoyir hayoti, faoliyati, asarlari, mukofotlari haqida ma’lumotlar
Ilhom Zoyir 1961 yil 2 iyulda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tugʻildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi (1979–1984).
Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyotida, “Mushtum” jurnalida xizmat qildi. Ayni paytda Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida bosh muharrir vazifasida ishlab keladi.
Uning ilk hajviy hikoyasi 1980 yilda “Choʻntakdan toʻkilsa” nomi bilan “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida bosilib chiqdi. Birinchi hikoyalar toʻplami – “Tarsaki” 1995 yilda chop etildi. Shundan keyin “Yelpatak” (1997), “Tabassum bekati” (2000), “Qoidasi shunaqa” (2002), “Toʻgʻri soʻzning toʻqmogʻi” (2003) hikoyalar toʻplami, “Yuz tillo mojarosi” (2008), “Ajal piramidasi” (2008), “Toʻrtburchakli yostiq” (2009), “Qismat oʻchi” (2011) romanlari nashr etildi.
Ilhom Zoyir satira va yumor janri rivojiga baholi qudrat hissa qoʻshib kelayotir.
U bolalar va oʻsmirlar uchun ham bir qator asarlar yaratdi. Jumladan, “Sichqoncha Tabuning sarguzashtlari” (2006), “Holva yemagan bola” (2007), “Quyosh bolalari” (2015) kabi qissalarini eʼlon qildi. Shuningdek, jahon bolalar adabiyotidan Sinken Xoppning “Sehrli boʻr” (2004), Yan Ekxolmning “Sofdil Mallavoy” (2006) ertak-qissalarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Oʻzining ham bir qator hikoya, qissa va romanlari tojik, qozoq, uygʻur, koreys tillariga tarjima qilingan.
Adib qalamiga mansub ssenariy asosida “Oʻzbekfilm” studiyasida “Mergan melisa” (2007) badiiy filmi suratga olindi. “Qarz” (2011), “Oʻgʻri ham odam” (2013) komediyalari sahnalashtirildi.
Ilhom Zoyir 2009 yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:53