Vazirlar Mahkamasining “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olishi uchun taʼlim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori
qabul qilindi.
Ushbu hujjatga muvofiq, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt asosida oʻqishi uchun taʼlim kreditlarini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi.
Unga koʻra, Respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari hamda ularning filiallarida kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shakli boʻyicha talaba xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlari uchun 14 foiz stavkasida taʼlim krediti ajratiladi.
Taʼlim krediti ajratadigan tijorat banklari roʻyxati Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Taʼlim krediti kredit oluvchi tomonidan taʼlim tashkilotida taʼlimning tegishli turi boʻyicha rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.
Kreditning foiz toʻlovlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Nizomga koʻra, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan taʼlim krediti boʻyicha garov va kafillik talab etilmaydi.
Taʼlim kreditlari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan respublikadagi barcha oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida (Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xorijiy, davlat, nodavlat, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari, ularning filiallarida), shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha bakalavriat, magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shaklida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan yoki tavsiya etilgan, oʻqishini koʻchirgan, davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan talaba xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlarini qoplash uchun davlat byudjetidan ajratiladigan limit doirasida mablagʻlar yetarli boʻlmagan holatlarda, shuningdek, kontrakt toʻlovlari qoplab berilmagan talaba xotin-qizlarga ajratiladi.
Bunda kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan oila aʼzolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, turmush oʻrtogʻi) yoki uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida taʼlim krediti shartnomasida qatnashishlari mumkin.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:50