"Tarbiya fanini duch kelgan o‘qituvchi o‘tmoqda" – alisher qodirov
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish» DP MK raisi Alisher Qodirov «tarbiya» fanini to‘g‘ri kelgan o‘qituvchi o‘tayotganini tanqid ostiga olib, Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidovga bu masalada juda «qattiq turishi» kerakligi haqida aytdi.
“Tarbiya fani juda katta maqsadlar bilan joriy qilingandi. Lekin bu narsaga salgina e’tiborsizlik qilyapmiz. Ya’ni «tarbiya» fanini to‘g‘ri kelgan o‘qituvchi o‘tishi kerak emas. Tarbiya uchun maxsus pedagoglarni tayyorlash kerak. Pedagogika institutlarida tarbiya fani uchun maxsus pedaoglar tayyorlanishi kerak.
Uni adabiyot fani o‘qituvchisi yoki boshqalar o‘tolmaydi. Mendagi ma’lumotlarga qaraganda pedagogik institutlarda shunaqa pedagoglarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilmagan va uni tasodifiy o‘qituvchilar o‘tyapti. Matematikani adabiyot fani o‘qituvchisi o‘tsa, uni effekti qanday bo‘lsa, «tarbiya»da ham natija ana shunday bo‘ladi.
«Tarbiya» fanining taqdiri «odobnoma»nikiga o‘xshab qolishini xohlamayman. Bu juda katta maqsadlar bilan qilindi va biz yangi avlodni aynan shu «tarbiya» fani orqali tarbiyalashni maqsad qilgan edik. Bunga (Baxtiyor Saidov) juda qattiq turishingiz kerak.” – deb ta’kidlab o‘tdi Alisher Qodirov
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:43