Tarvuz — inson organizmi uchun eng foydali mahsulotlardan biri. Ayniqsa, yozning issiq kunlarida tamaddi uchun ushbu rezavordan boshqa foydali va yengil hazm bo‘luvchi mahsulotni topish mushkul.
Biroq tarvuz yetarli darajada pishmagan yoki uni yetishtirishda kimyoviy o‘g‘itlardan ko‘p foydalanilgan bo‘lsa, salomatlik uchun jiddiy xavf tug‘dirishi turgan gap.
Xo‘sh, dorilangan tarvuz nimasi bilan xavfli? Undan zaharlanmaslik uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining shu kabi savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati sanitariya-gigiyena boshqarmasi boshlig‘i A.Shukurovga
v.
— Jazirama yoz faslini tarvuzsiz tasavvur etib bo‘lmaydi, — deydi mutaxassis. — Tarkibi 92 foiz suvdan iborat ushbu mahsulot kaliy va magniyga boy. Shu sababli u asab tizimi va miya faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi.
Tarvuzning antioksidantlik xususiyati yuqori bo‘lib, tarkibidagi A, V darmondorilari va kartonoid yallig‘lanish va erta qarishga to‘sqinlik qiladi.
Ayniqsa, tarvuz onkologik va yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining oldini olish, hazm faoliyatini yaxshilash va moddalar almashinuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan yanada foydali.
Biroq bu jarayonda ehtiyotkorlikni unutmaslik, ayniqsa, tarvuz sotib olayotgan payt uning bus-butunligiga, chirimaganiga va kimyoviy o‘g‘itlar bilan me’yordan ortiq to‘yintirilmaganiga e’tibor qaratish kerak.
Sababi bugungi kunda aksariyat dehqonlar ushbu mahsulotni tezroq yetishtirish maqsadida azotdan ko‘p foydalanmoqda. Bu esa tarvuzdan zaharlanishga sabab bo‘lyapti.
Shu bois mazkur noxush holatdan o‘zimiz va yaqinlarimizni himoya qilish uchun ayrim jihatlarga e’tibor qaratish foydadan holi bo‘lmaydi.
Xususan, tarvuz xarid qilayotganda, eng avvalo, sotuvchidan mahsulot manbai, uning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi tegishli ruxsatnomani talab qilishi lozim. Shu bilan birga, mahsulotning buzilmaganiga ishonch hosil qilish zarur.
Negaki, ushbu rezavorning qizil mag‘zida mikroblar juda tez tarqaladi. Tabiiy pishgan tarvuz chertib ko‘rilganda jarangdor ovoz chiqib, uning po‘stini osongina tirnash mumkin. Agar mahsulotning bandi qurigan bo‘lsa, bu uning yaxshi pishganidan dalolat.
Tarvuz holatining yana bir muhim ko‘rsatkichi qizil qismidagi tomirlar rangidir. Agar ular sariq yoki binafsha tusda bo‘lsa, bunday mahsulotdan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki u to‘liq pishmagan yoki nitratning ta’siri bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, tarvuz ustidagi chiziqlar aniq va bir-biri bilan aralashib ketmagan bo‘lishi kerak. Xiralashgan chiziqlar uning nitrat bilan to‘yinganidan dalolat.
Shuningdek, tabiiy pishgan tarvuz suvga solinganda uning ustiga qalqib chiqadi. Azotli o‘g‘it bilan to‘yingani esa aksincha suv ostiga cho‘kadi. Agar bo‘laklanganda qiyshiq emas, to‘g‘ri kesilsa, bu holat ham uning kimyoviy moddalarga to‘yinganligining belgisidir.
Tarkibida nitrat moddasi me’yordan ortiq bo‘lgan tarvuz iste’mol qilinganda, uning noxush belgilari 4-6 soatdan keyin paydo bo‘ladi.
Xususan, ko‘ngil aynishi, qusish, diareya, qorin va bosh og‘rig‘i, 38-39 darajagacha isitma ko‘tarilishi, yurak urishining sekinlashishi hamda qo‘l-oyoqlarning sovuq qotishi kabi alomatlar kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Chunki bu — tarvuzdan zaharlanish belgilari bo‘lishi mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:41