Ayrim javoblar varaqasi bo‘yicha izoh
Ijtimoiy tarmoqlarda barcha fanlardan olingan ballarni qo‘shib chiqqanda yakuniy ball ko‘proq chiqqan ayrim javoblar varaqasining rasmlari bo’yicha Xushnudbek Xudoyberdiyev
izoh berdi.
Bunga izoh quyidagicha:
Temurbeklar maktabini bitirgan o‘quvchilarga o‘zlari to‘plagan ballning 15 foizi miqdorida ball qo‘shish imtiyozi berilgan. Rasmi tarqalgan javoblar varaqasi ham aynan Temurbeklar maktabi bitiruvchisiga tegishli. Ya’ni uning o‘zi 150,2 ball to‘plagan. Bu ballga yana 15 foiz imtiyoz bali (22,5) qo‘shilib, yakuniy ball 172,7 ballga aylangan.
Bor gap shunda.
Ammo o‘rni kelganda aytishim kerak, men bunday imtiyozga keskin qarshiman. Buni o‘sha imtiyoz berilgandayoq aytganman. Ball qo‘shib berish ko‘rinishidagi imtiyoz imtiyozlar ichida eng mantiqsizi. Avval harbiy tavsiyanoma olganlarga ball qo‘shib berilardi, tanqid qilaverib, oxiri bir amallab buni yo‘qotgandik. Temurbeklar maktabi bitiruvchilariga beriladigan bunday formatdagi imtiyozni ham bekor qilish kerak.
Chunki shundoq ham eng zamonaviy sharoitda, eng yaxshi ustozlardan ta’lim oladigan maxsus maktab bitiruvchilariga qo‘shimcha ball berishni tushunish qiyin. Ular boshqa abituriyentlar, masalan oddiy qishloq maktabi o‘quvchisidan shundoq ham yaxshi sharoitda o‘qiganku, o‘qishga kirish imkoniyatlari shundoq boshqalardan yuqoriku, nega ularni erkalab yana qo‘shimcha ball berishimiz kerak?
Temurbeklar maktabi bitiruvchilari o‘qishga kira olmay qolishidan qo‘rqamizmi? Unda bu maktablarda o‘qitish yaxshi emas ekanda? Yoki yaxshimi? Yaxshi bo‘lsa, nimadan xavotirlanib bunaqa imtiyoz berganmiz?
Xullas, tushunishim qiyin.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:40