Kasb-hunarga oʻqitish va monomarkazlar mutaxassislariga sertifikatlar topshirildi
Maʼlumki, yaqinda Fargʻonada shahrida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) grant mablagʻlari asosida mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassislar tayyorlovchi kasb-hunarga oʻqitish markazi oʻz faoliyatini boshladi.
Loyiha doirasida Fargʻona vodiysida yagona boʻlgan ushbu markazda 5 ta yoʻnalish – elektr menejmenti, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari, kosmetologiya va tikuvchilik yoʻnalishlarida kasb-hunarga oʻqitish ishlari yoʻlga qoʻyildi. Markaz ishsiz fuqarolarni bir yildan ortiq boʻlmagan muddatda 5 ta yoʻnalishda bepul oʻqitish, tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shugʻullanadi.
— Mamlakatimiz miqyosida kasb-hunarga oʻqitish va “Ishga marhamat” monomarkazlarining yuz nafarga yaqin rahbar va mutaxassislari jalb etilib, 4 bosqichda qisqa muddatli oʻquv kurslarida oʻqitildi, —
deydi mazkur markaz direktorining birinchi oʻrinbosari Odiljon Yunusov. — AQSH, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya singari dunyoning eng rivojlangan davlatlari taʼlim standartlari asosida tashkil etilgan 76 soatlik dars jarayonlarining 30 foizi nazariy hamda 70 foizi amaliy mashgʻulotlardan iborat boʻldi. Darslarni Koreya Respublikasidan kelgan ikki nafar professor, Fargʻona davlat universiteti professor-oʻqituvchilari olib borishdi.
Kuni kecha qisqa muddatli oʻquv kurslari yakunlandi va bitiruvchilarga sertifikatlar topshirildi.
— Oʻqish davomida yangi avlod darsliklarini yaratish, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash boʻyicha mutaxassislarning zamonaviy bilim va koʻnikmalari oshirildi, — deydi loyiha bosh menejeri Kim Yon Vuk.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus kasb-hunarga oʻqitish markazi direktorining birinchi oʻrinbosari Jangali Karamataliyevning qayd etishicha, oʻquv kursi mashgʻulotlari ular uchun chinakam maʼnoda mahorat darslari boʻldi.
— Bu yerda olgan bilimlarimiz hududlarda ishsizlikni kamaytirish, davr talabi va ehtiyoji asosida mutaxassislar tayyorlashimizda qoʻl keladi, — deydi Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori oʻrinbosari Rustam Primqulov.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:38