​Bolalarda tez-tez burun qonashi sabablari
Kichik yoshli farzandining tez-tez burni qonashidan har qanday ota-ona tashvishga tushishi aniq. Xo‘sh, bu nima bilan bog‘liq? Uning kelib chiqish sabablari qanday?
SSV Matbuot xizmatining shu kabi savollariga Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi oliy toifali shifokori Nazokat Oripova javob berdi.
— Burun qonashi qon ketishi bilan kechuvchi kasalliklar orasida yuqori o‘rinda turadi, — deydi shifokor. — Ayniqsa, bu holat kattalarga nisbatan yosh bolalarda 4-5 marta ko‘p uchraydi. Sababi ularning burun shilliq qavati juda nozik bo‘lib, qon tomirlari nisbatan yuzada joylashgan. Shu bois arzimas ta’sir tufayli ham ularda tez-tez burun qonaydi.
📌 Bu holatning birlamchi shakllari kutilmaganda yoki burunning yengil jarohatidan keyin boshlanadi. Unga esa ko‘pincha burun ichining shikastlanishi sabab bo‘lib, hattoki, bola uni yengilgina kavlagani uchun ham shilliq qavat lat yeyishi mumkin. Qolaversa, ushbu a’zo ichiga yot jism kirib qolganda ham shu holat kuzatiladi.
Bundan tashqari, gripp, adenoviruslar, qizilcha va qizamiq kabi virusli hamda bakterial xastaliklarda bolalarning burun shilliq qavati zaiflashib, qon ketadi.
💊 Tumov va burun uchun mo‘ljallangan preparatlardan haddan ortiq ko‘p foydalanilganda ham bu kabi holat qayd etilishi mumkin.
Shuningdek:
✅ gepatit;
✅ og‘ir anemiya;
✅ burun va buyrak xastaliklari;
✅ oftob urishi;
✅ qattiq ta’sirlanish;
✅ og‘iz bo‘shlig‘idagi turli o‘smalar (polip, angioma);
✅ anatomik o‘ziga xoslik (burun o‘rta devorining qiyshiqligi);
✅ issiq va quruq havo;
✅ yurak-qon-tomir kasalliklari va yana bir qancha omillar sabab bo‘ladi.
Eng yomoni, burun qonashi uning ivish xususiyatini o‘zgartirib yuboruvchi gemofiliya, gemoblastoz, trombotsitopatiya kabi xavfli xastaliklar alomati bo‘lish ham mumkin.
Agar bolada bu holat hech bir sababsiz tez-tez kuzatilayotgan bo‘lsa, uni pediatr, gematolog, LOR, onkolog, immunolog yoki endokrinolog ko‘rigidan o‘tkazib, aniq tashxis qo‘yish va davolash lozim. Shifokor, avvalo, bemorning burun bo‘shlig‘ini tekshirib, unda yot jism, xavfli va xavfsiz o‘sma, polip bor-yo‘qligini aniqlaydi. Shuningdek, qon tahlili orqali uning ivish xususiyati, trombotsitlar miqdori tekshiriladi.
❗️Tavsiya shuki, bolaning burni qonaganda zinhor boshni orqaga tashlash mumkin emas. Uning oqishini to‘xtatish uchun burun sohasiga muzdek grelka yoki muz bo‘lagini matoga o‘rab qo‘yish maqsadga muvofiq. Paxtadan tiqinlar yasab, burun kataklariga joylashtirish ham yaxshi samara beradi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:34