O‘qituvchining yozgan maqolasi ustama olishga asos bo‘ladimi?
2021-2022 o‘quv yili ham yakunlandi. Endi ko‘pchilik o‘qituvchilarga 2022-2023 o‘quv yilida qo‘shimcha ustama berish uchun kerakli hujjatlar ko‘zdan kechirilib, pedagog xodimlar faoliyati maktab ishchi guruhi tomonidan baholanadi.
Ko‘p joylarda pedagog xodimlar ustama uchun baholash mezonlaridagi ba’zi bandlarni noto‘g‘ri talqin qilishi oqibatida ayrim tushunmovchiliklarga duch kelayotgan ekan. Shu sababli Xalq ta’limi vazirligi ham bu borada o‘qituvchilarni hushyorlikka chaqirdi.
Ayrimlar ish tajribani ommalashtirish tartibi bilan maqola yozib, uni gazeta yoki jurnalda chop etishni chalkashtirib yuboryapti. Ma’lumki, ilgari o‘qituvchilar Vazirlar Mahkamasining 823-qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirish direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi eski tahrirdagi nizom bo‘yicha ustama olish uchun albatta biron-bir jurnal yoki gazetada maqolasi chiqqan bo‘lishi kerak edi.
Chunki mazkur nizomda o‘qituvchi baholanayotgan o‘quv yilida ommaviy axborot vositalari, ta’limga oid veb-saytlardagi chiqishlari, ilmiy-metodik jurnallardagi hamda turli konferensiyalarda maqolalar, tezislar, konsepsiyalar, istiqbolli rejalari bilan qatnashish orqali ta’lim-tarbiya jarayonini yanada yaxshilashga oid ishlarining bo‘lishi ularga qo‘shimcha ball berar edi.
Mazkur nizomning aynan shu bandi juda ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgandi. Sababi ko‘pchilik o‘qituvchilar nizomdagi qolgan baholash mezonlariga e’tibor bermay, faqat maqola yozish (ko‘p hollarda buyurtmaga yozdirish) bilan band bo‘lib qoldi.
Haqiqatan ham ustama olish uchun o‘qituvchilarning maqola yozib chiqarishi o‘zini oqlamadi. Sababi, aksar maqolalar ma’lum bir mablag‘ evasiga yozdirildi. O‘qituvchi o‘zi mehnat qilmadi. Buning ortidan esa turli ko‘rinishdagi jurnal va bo‘lar-bo‘lmas konferensiyalar ko‘payib, ko‘pchilik o‘qituvchilarning pullari havoga sovurildi.
Agar o‘qituvchilar maqolasi bilan bu konferensiyada qatnashsa, maqolaning bitta sahifasi uchun 15–20 ming so‘m miqdorda pul to‘lashga to‘g‘ri kelardi. Shunday holatlar inobatga olinib, 2020 yil 31 dekabrda Vazirlar Mahkamasining 823-qarori bilan tasdiqlangan Nizomga Vazirlar Mahkamasining 831-qarori bilan o‘zgartirishlar kiritildi.
Shundan so‘ng maqola yozish bandi olib tashlandi. Endi asosiy e’tibor o‘quvchilarning choraklik o‘rtacha baholari, o‘zlashtirishning sifat ko‘rsatkichi, ularning olimpiada, tanlov, musobaqalar va boshqa tadbirlardagi ishtiroki va natijalari, o‘qituvchining xalqaro tadqiqotlarga o‘quvchilarni tayyorlab borishi va ish stajiga qaratiladi.
Albatta, bunda o‘qituvchilarning ish tajribasi ommalashtirilganiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ommalashtirish televediniya orqali intervyu berish, gazeta yoki jurnalga maqola yozib chiqish degani emas. Bu mutlaqo boshqa jarayon.
P.S: O‘qituvchi ish tajribasini ommalashtirishning huquqiy asoslari haqida keyingi postlarimizda alohida to‘xtalib o‘tamiz.
Manba:
Xalq ta’limi InfoJoylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:32