Kontrakt uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tartibi 2022
❗️To‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlarini ajratish tartibi haqida.
✅ Ta’lim kreditlari ta’lim tashkilotlari bakalavr hamda magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan yoki qabul qilingan, shuningdek o‘qishini ko‘chirgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan talabalarga
beriladi.
☑️ Bunda, kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki vasiylari birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishi mumkin.
🔄 Ta’lim kreditining asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.
🔰 Ta’lim kreditini olish uchun Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan tijorat banklariga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
▫️ ariza;
▫️ to‘lov-kontrakt shartnomasi va unga ilova qilinadigan hisob varaqasi/fakturasi (mavjud bo‘lganda). Shartnomada o‘qishni tamomlashning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim;
▫️ ta’lim krediti qaytarilishining ta’minoti bo‘yicha hujjat. Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi;
▫️ “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma (“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun);
▫️ birgalikda kredit oluvchiga tegishli ma’lumot.
⏳ Hujjatlar 5 ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Ta’lim krediti foizi qancha
📝 Ta’lim krediti shartnomasi to‘lov-kontrakt shartnomasida ko‘rsatilgan bir yillik to‘lov summasiga teng miqdordagi summaga tuziladi.
🏦 Ta’lim krediti kredit oluvchiga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida ajratiladi.
⚠️ Bunda, Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoladi.
🔘 Mazkur tartib:
➖ chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga;
➖ tijorat banklari tomonidan Jamg‘arma mablag‘laridan tashqari boshqa manbalar hisobidan beriladigan ta’lim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
🚫 Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktni va uning minimal miqdoriga teng bir martalik boshqa to‘lovlarni amalga oshirish uchun ta’lim krediti ajratilmaydi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:28