Eng mashhur messenjerlar – O’zbekiston va dunyo bo’yicha
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar globallashuv jarayonlarini jadallashtirish bilan bir qatorda, insoniyat o‘rtasida aloqa almashishning eng muhim va ajralmas vositasi bo‘lib ulgurgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda butun insoniyatning 63 foiz qismi internetdan foydalanadi.
Qariyb 1 yillik davr ichida internet foydalanuvchilari soni 200 millionga ortgan. Internet foydalanuvchilarning asosiy qismi (92,4 foiz) mobil qurilmalar vositasida internetdan foydalanishadi. 4,65 milliard foydalanuvchi ijtimoiy tarmoqlardan faol. Ushbu raqamlar onlayn olamning naqadar muhimligini yana bir bor ifodalaydi.
Dunyo bo‘yicha 3 milliarddan ortiq inson messenjerlardan foydalanadi. Eng ko‘p foydalanuvchiga ega bo‘lgan platformalar Facebook va WhatsApp bo‘lib, 2,5 milliarddan ortiq inson ulardan foydalanadi. Bundan tashqari bir qancha rivojlangan mamlakatlarda milliy messenjerlar ham keng ommalashgan.
Jumladan, Yaponiyada Line, Janubiy Koreyada KakaoTalk va Xitoyda WeChat.
Statista.com sayti eng ommabop messenjerlar ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, WhatsApp – 2 milliardan ko‘p, Weixin/Wechat (Xitoy) – 1,3 milliardga yaqin, Facebook Messenger – 988 million, QQ – 574 million Snapchat – 557 million, Telegram esa – 550 million foydalanuvchiga ega ekan.
Eng ommabop messenjer WhatsApp keysida quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin. Mazkur messenjerdan bir kunda 100 milliarddan ortiq xabar yuboriladi. Mobil qurilmalar orqali bir kunda ilovadan o‘rtacha 38 daqiqa davomida foydalaniladi. Bunda 26-35 yosh atrofidagi foydalanuvchilarning ulushi 27 foizni tashkil etib, ularning 46,1 foiz qismi ayollardir.
O‘zbekistonda eng ommabop messenjerlar Telegram, WhatsApp, Facebook Messenger hisoblanadi. Foydalanuvchilarning 80 foizi Telegramdan, 22 foizi WhatsApp va 6 foiz Facebook Messengerdan foydalanadi.
Datareportal.com ma’lumotlariga ko‘ra O‘zbekiston aholisining qariyb 70 foiz qismi internet foydalanuvchisi hisoblanadi. Aholining 18,3 foiz qismi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishadi.
Yana bir ma’lumot, mamlakatimizda aholisi eng ko‘p Instagram ijtimoiy tarmog‘idan foydalanadi. Hozirgi kunda ushbu tarmoqdan foydalanuvchilar soni 4,8 milliondan ortiq hisoblanadi. Ularning 34,4 foizi ayollar bo‘lib, asosan 18-35 yoshdagi insonlar tashkil etadi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:13