Oliy toifada 15 yil uzluksiz ishlansa toifa umrbod bo’ladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgust kuni qabul qilingan 425-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”ga 572-sonli qaroriga tegishli o‘zgartirishlar
kiritildi.
Unga muvofiq, oliy malaka toifaga ega bo‘lganidan so‘ng uni 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga (shu jumladan, dekret ta’tili davri ham) ega bo‘lgan pedagog kadrlar majburiy attestatsiyaga jalb qilinmaydigan pedagoglarga aniqlik kiritildi.
Hozirgi aniqlashtirilgan tahrirga asosan pedagog-kadrlar oliy toifali bo‘lib, o‘z darajasini 3 marta majburiy attestatsiyada tasdiqlaganlaridan so‘ng umrbod oliy toifali bo‘lishlari mumkin.
Misol uchun, 2022 yilda oliy ta’lim muassasasini bitirgan pedagog navbatdan tashqari attestatsiya imkoniyatlaridan foydalanib, 2024 yilda oliy toifali bo‘ladi va shundan boshlab 15 yil ichida 3 marotaba (2029, 2034 va 2039 yillarda) tasdiqlaydi. Bunday holatda pedagog 39 yoshida pensiyagacha oliy toifani saqlab qoladi.
Avvalgi tahrirda 15 yil davomida oliy toifaga ega bo‘lmay 16-yilda oliy toifani olgan pedagoglar avtomatik ravishda umrbod oliy toifani saqlab qolishi mumkin yoki mumkin emasligi borasida turli talqinlar ham yuzaga kelgan.
Bu esa avvallari 1-toifali bo‘lib, so‘nggi attestatsiyada oliy toifani olgan ba’zi ustozlarning keyinchalik o‘z malakasini oshirib bormasligiga sabab bo‘layotgan edi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:12