Texnikum bitiruvchilari qayerda ishlashi mumkin?
O‘quvchilarning amaliyot o‘tashi uchun imkoniyatlar qanday?
Samarqand davlat universiteti huzuridagi Gulobod agrobiotexnologiyalar texnikumida bugungi kunda agronomiya, agrokimyo agronomi, o‘simliklar himoyasi va karantini agronomi, issiqxona va parnik xo‘jaligining texnik-texnologi va dorivor o‘simliklarni qayta ishlash texnik-texnologi yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanyapti.
– Texnikumda o‘quv jarayonlarini universitetning malakali professor– o‘qituvchilari olib boradi va amaliyot bilan uzviy bog‘liqlikni ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jalik kooperatsiyalari va agrosanoat klasterlari bilan doimiy hamkorlik o‘rnatilgan, – deydi texnikum direktori Jasurbek Abdumalikov. – Xususan, “Agromir” MChJ, Samarqand tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi, “SAG AGRO IN VITRO” laboratoriyasi va boshqa tashkilotlar bilan talabalarning amaliyot o‘tashi uchun imkoniyatlar yaratilgan. Bunday amaliyot o‘quvchilarning mutaxassislik bo‘yicha ko‘nikma orttirishi hamda malakaga ega bo‘lishi, maxsus fanlarni o‘rganishida muhim ahamiyatga ega. Ushbu korxonalarda o‘quvchilar uchun xavfsiz mehnat sharoitlari, trening kabinetlari, zarur materiallar, asbob-uskunalar, yangi ishlab chiqarish texnologiyalari, yuqori unumli ish metodlarini o‘zlashtirishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. 
Texnikumda hududning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib mutaxassislar tayyorlanyapti. Ya’ni, Samarqand tumani iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga asoslangani uchun mazkur tarmoqqa alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tarkibidagi bir nechta korxonalar tuman hududida joylashgani ham texnikum talabalari uchun yaxshi imkoniyat. Qolaversa, yaqinda Nurobod tumanida agrokimyo kompleksi qurilib, foydalanishga topshiriladi. Bu korxonada ham texnikumda tayyorlanayotgan mutaxassislar bandligini ta’minlash imkoniyatlari mavjud. Umuman, hududda texnikumda tayyorlanadigan mutaxassislarga ehtiyoj katta.
O‘quvchilar amaliyot o‘tashlari uchun texnikum hududida ham yer maydonlari mavjud. Ammo bu yerga ishlov berishda zarur bo‘lgan texnika vositalari bilan ta’minlanganligi talab darajasida emas.
– Bu borada yutuqlarimiz bilan birga, kamchiliklar ham bor, – deya so‘zida davom etadi Jasurbek Abdumalikov. – O‘quv binomizda Janubiy Koreya granti asosida keltirilgan kimyo, fizika va biologiya fanlari laboratoriyasi, lingofon xonalari ma’nan eskirgan bo‘lib, foydalanishga deyarli yaroqsiz yoki texnikumda o‘tiladigan fan dasturlariga mos kelmaydi. O‘quvchilar o‘quv amaliyotlarini o‘tashlari uchun agrokimyo va tuproq tahlili laboratoriyasi, zamonaviy tipdagi issiqxona, biolaboratoriyalar kerak. Buning uchun texnikum hududidagi yerlarni tadbirkorlarga berib, sohaga xos ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish mumkin.
[whohit]
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:05