Tibbiyot kolleji va Jamoat salomatligi texnikumlariga 10 — avgustdan qabul jarayonlari boshlanadi.
Sog‘likni saqlash vazirligining ma`lumotiga koʻra, 2022-2023-oʻquv yili uchun qabul jarayonlari joriy yil 10-avgustda boshlanib, 10-sentyabrga (shu kuni ham) qadar
davom etadi.
Qabul Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etiladi.
2022/2023 oʻquv yili uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlariga qabul kvotasi jami 11 ming 670 ta etib belgilanishi, shundan:
— 1ming 367 tasi davlat granti;
10 ming 303 tasi toʻlov-shartnoma asosida boʻlishi koʻzda tutilmoqda.
Tibbiyot kollejlariga esa jami 7 ming 800 ta oʻrin ajratilib, shundan:
— 780 tasi davlat granti;
— 7 ming 20 tasi toʻlov-shartnoma asosida belgilanishi kutilmoqda.
Tibbiyot kollejlari va jamoat salomatligi texnikumlariga oʻqishga hujjat topshirish uchun quyidagilar kerak boʻladi:
— pasport yoki tugʻilganlik haqida guvohnoma nusxasi;
— umumiy oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasasini tugatganlik haqidagi hujjatning nusxasi;
— 600×800 oʻlchamdagi rangli fotosurat;
— I yoki II guruh nogironligi boʻlgan, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchisi yoki kam taʼminlangan oila farzandi boʻlgan abituriyentlar tegishliligi boʻyicha nogironlik guvohnomasi nusxasi, tuman(shahar) hokimining “Mehribonlik uylari”ga joylashtirish boʻyicha qarori yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining maʼlumoti.
Qabul Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi rasmiy veb-sayti orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Elektron platformaga yuklangan hujjatlar “PDF” formatida skaner qilingan boʻlishi lozim. Skaner qilingan hujjatlarning talab darajasida boʻlmasligi abituriyentning roʻyxatdan oʻtkazilmasligiga asos boʻladi.
Eslatib o‘tamiz, Tibbiyot kollejlari va Jamoat salomatligi texnikumlariga kirish imtihonlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladi.
Ma`lumot uchun, hozirgi vaqtda yurtimizda 27 ta tibbiyot kolleji va 47 ta Jamoat salomatligi texnikumlari faoliyat olib bormoqda.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:05