Mahalla mas’ullari malakasini oshirishi shartmi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 10 oktyabrdagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida joylarda maxsus o‘quv kurslari tashkil qilingan.
Mazkur kurs bugun ham kerakmi? Vaziyat va sharoit o‘zgargan bugungi kunda u qanday bo‘lishi zarur?
Viloyat hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kursi rahbari Toshtemir Ergashev bilan shu xususda suhbatlashdik.
— Malaka oshirish davomida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida kasbiy mahoratning tizimli asosda doimiy o‘sishini ta’minlaydigan bilim va ko‘nikmalarning davriy ravishda yangilab borilishi tashkil etiladi, — deydi T.Ergashev. — Bundan tashqari, fuqarolar yig‘inlarining nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan ijtimoiy sheriklik mexanizmlarini shakllantirish va rivojlantirishga ko‘maklashish choralari ko‘riladi.
— Qariyb o‘n yo‘nalishda amalga oshiriladigan malaka oshirish davomida o‘quv kursi ham boshqa idora va tashkilotlar bilan hamorlikda ishlaydi, to‘g‘rimi?
— Shunday. Faoliyatimizga tashkiliy rahbarlik qilish viloyat hokimligi tomonidan amalga oshiriladi. Ya’ni, malaka oshirishning reja-jadvallarini hokimlik tasdiqlaydi.
Shuningdek, viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi bilan birgalikda malaka oshirishga muhtoj kadrlar kontingentini aniqlaydi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining o‘quv kurslarida qatnashishini ta’minlab, malaka oshirish kurslaridan o‘tishi hisobini yuritadi.
Faoliyatimizga o‘quv-metodik rahbarlik qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
— Gaplaringizga ko‘ra, bu o‘quv kursida tinglovchilar imtihon topshira olmasa, bu yerda o‘tkazgan vaqtiga “kuyishi” mumkin. Shunday bir sharoitda ularning ijtimoiy himoyasi, boshqacha aytganda, qonunda belgilangan huquqlari ta’minlanadimi?
— Kursimizda tinglovchilarning malakasini oshirish viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan, tegishli tuman (shahar) hokimliklariga yuborilgan reja-jadval asosida amalga oshiriladi. Yakunda tinglovchilarning bilimlari sinov imtihoni asosida baholanadi. Dasturlarda nazarda tutilgan barcha talablarni bajargan va sinov imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi. Imtihondan o‘tmagan tinglovchilarga malaka oshirishda qatnashganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etiladi. Bu ularni egallab turgan vazifasidan ozod qilish yoki boshqacha ta’sir chorasi ko‘rishga asos bo‘lmaydi, albatta.
Shuningdek, o‘qish davrida tinglovchilarning asosiy ish joyi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi saqlanadi. Hududlardan kelganlarga ularni yuborgan tomon hisobidan sutkalik pul to‘lanadi hamda respublika doirasidagi xizmat safarlarida belgilangan tartibda va mikdorda o‘qish joyiga borish-kelish yo‘l haqi to‘lanadi.
— Salkam o‘n yildan buyon o‘quv kursi faoliyat olib boryapti. Tabiiyki, vaqt o‘tgan sari to‘plangan tajribalar, qolaversa, jamiyat hayoti va boshqa omillar tufayli muayyan o‘zgartishlarga zarurat tug‘iladi. Shu ma’noda, mahalla instituti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ham o‘ylab ko‘rganmisizlar?
— Albatta, bu faoliyatimizning eng muhim, ayni damda uzluksiz qismi hisoblanadi. Xususan, mahalla instituti faoliyatini takomillashtirish uchun Davlat xizmatlari agentligidagi xizmatlarni mahallada yo‘lga qo‘yish xususida taklif kirityapmiz. Chunki bu orqali aholining transport xarajatlari va vaqt sarfi qisqaradi.
Aslida ayni shu taklifning ajralmas qismi sifatida mahalla institutining moliyaviy mustaqilligini ta’minlash maqsadga muvofiq. Negaki, amaldagi qonunga ko‘ra, mahalla nodavlat-notijorat tashkiloti hisoblanadi. Qandaydir xizmatlarni amalga oshirishda shartnoma asosida hisob raqamiga pul tushirishi, hosil bo‘lgan mablag‘larni hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholini qo‘llab-quvvatlashga va fuqarolar yig‘ini xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirsa bo‘ladi.
Shuningdek, mahallalarda sotsiologik va analitik tahlil olib borishni yo‘lga qo‘yish, buning uchun tegishli metodikani ishlab chiqish kerak. Bu tahlil birinchi navbatda, mahalla instituti samaradorligini hamda jamoatchilik nazoratini oshirish imkonini beradi. O‘z navbatida, boshqa sohalarda ham galdagi vazifalarni rejalashtirib olish va amalga oshirilayotgan ishlarni baholash imkonini yaratadi.
— Toshtemir aka, bugungi fuqarolar yig‘ini bilan kechagisini solishtirib bo‘lmaydi. Qaysiki, mahallada ishlagani bilan turli tuzilmalar xodimlari yagona maqsad yo‘lida harakat qilmaydi, nazarimda. Demak, o‘quv kursini, ya’ni malaka oshirishni ham yangicha asosda tashkil etish zarurati tug‘ilmayaptimi?
— Gapingizga qo‘shilaman, mavjud vaziyatdan kelib chiqib, mahalladagi barcha mas’ullarning “turli yo‘nalish, bir maqsad” tamoyili asosida malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq. Bunda o‘quv kursining mavjud imkoniyatlari, moddiy-texnik bazasidan foydalangan holda, avvalo, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, oila va xotin-qizlar, mahallabay ishlash hamda yoshlar ishlari agentligi tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari jalb qilinsa, ayni muddao bo‘ladi.
Keyingi bosqichda, tabiiyki, mahalla rais (oqsoqol)lari, xotin-qizlar faollari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilarining malakasi oshirilsa, to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman.
— Lekin buning uchun sizlarda imkoniyat va salohiyat yetarlimi?
— Ilmiy salohiyat yetarli. Ammo moddiy-texnik bazani mustahkamlash va uni kuchaytirish kerak. Bu borada viloyat hokimligi huzurida “Mahalla mas’ullari malakasini oshirish markazi”ni tashkil etish haqida taklif kiritilgan. Unda markazni mustaqil o‘quv binosi, jihozlar bilan ta’minlash, tinglovchilar uchun turarjoylar tashkil etish so‘ralgan.
O‘ylaymizki, bu ishlar tez kunlarda amalga oshib, viloyatimizda yangi tizim xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish uchun zarur sharoit yaratiladi.
Yo.Marqayev suhbatlashdi.
Manba: zarnews.uz
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:04