“Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–345-son, 04.08.2022-y.)
qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2022-yil 1-sentyabrdan:
— oilaviy bolalar uylari yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni (tarbiyalanuvchilar) oilaga tarbiyaga olishni istagan fuqarolar tomonidan yuridik shaxs maqomisiz tegishli tuman (shahar) hokimi qarori asosida tashkil etiladi;
— oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar soni kamida 3 nafarni, lekin koʻpi bilan 5 nafarni tashkil qilishi lozim. Bunda, oilaviy bolalar uyini tashkil qilgan fuqarolarning oʻz farzandlari hamda tarbiyalanuvchilarning umumiy soni 8 nafardan oshmasligi kerak;
— oilaviy bolalar uylarini tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan fuqarolar tomonidan tashkil qilishga ruxsat etiladi;
— oilaviy bolalar uylari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Milliy gvardiya hamda tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish shoʻbalari tomonidan amalga oshiriladi;
— oilaviy bolalar uyini tashkil etish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilgan shaxslardan tegishli vazirlik va idoralarning elektron maʼlumotlar bazalaridan olish mumkin boʻlgan hujjatlarni talab qilish man etiladi.
2022-yil 1-sentyabrdan:
— oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga har oyda Davlat byudjetidan:
— oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchining yashash xarajatlari uchun 7 yoshgacha boʻlgan tarbiyalanuvchilarga BHMning 5 baravari (1,5 mln soʻm) miqdorida, 8 yoshdan 18 yoshgacha tarbiyalanuvchilarga BHMning 7 baravari (2,1 mln soʻm) miqdorida;
— oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchini parvarish qilish uchun mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 1 baravari – 920 ming soʻm, nogironligi boʻlgan bolalar uchun 1,5 baravari – 1 mln 380 ming soʻm miqdorida;
— oilaviy bolalar uyiga tarbiyaga olingan har bir nogironligi boʻlgan bolani davolash-sogʻlomlashtirish uchun har oyda BHMning 1 baravari (300 ming soʻm) miqdorida mablagʻ ajratiladi;
— oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarning yashash xarajatlari uchun ajratilgan mablagʻlar har oyning 5-sanasiga qadar tutingan ota-ona nomiga ochilgan bank plastik kartasiga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazib beriladi;
— oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga hududda joylashgan davlat sport majmualari, maʼnaviy-maʼrifiy maskanlar, toʻgaraklar, ot sporti seksiyalari, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa oʻquv markazlaridagi toʻgaraklar va kurslarga bepul qatnashish huquqi beriladi;
— oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar uchun:
— Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yiliga bir marotaba sogʻlomlashtirish oromgohlarida dam olish uchun bepul yoʻllanmalar ajratiladi;
— tuman (shahar) hokimliklari tomonidan bir yilda ikki marotaba respublikamizning tarixiy shaharlariga bepul sayohatlar hamda teatr tomoshalari va konsert dasturlari tashkil etiladi;
— oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar davlat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan bir yilda ikki marotaba bepul toʻliq tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi;
— oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga mazkur qarorga muvofiq berilayotgan sogʻlomlashtirish oromgohiga va sayohatga borish, teatr tomoshalari va konsertlarda qatnashishga oid imtiyozlar oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarning oʻz farzandlariga ham tatbiq etiladi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:02