Yagona maktab formasi bo'yicha taklif
So‘ngi paytda maktab formasi dizayni juda ko‘p muhokama qilindi. Keyinchalik Xalq ta’limi vazirligi 2022 yil sentabr oyidan boshlab ota-onalarga yagona formani xarid qilishiga majburiy talab qo‘yilmasligini hamda ota-onalar va o‘quvchilarning maktab formasi dizayni va sifati bo‘yicha har qanday takliflarini ko‘rib chiqishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Bu borada tarix fani o‘qituvchisi, “Ustoz 2021” milliy mukofoti tanlovi g‘olibi Iqboljon Kamolov o‘zining fikrini
bildiribdi.
«Forma masalasi muhokama bo‘ldi bizning oilada ham. Kamina ham muhokamada o‘z takliflarim bilan qatnashdim. Oq kofta yaxshi, lekin bola unda o‘zini erkin his qila olmaydi, ko‘proq e’tiborini o‘qishga qaratishi uchun o‘tirganida, harakatlanganida noqulaylik tug‘dirmaydigan oq futbolka (polo) ham olib berishni tavsiya qildim.
Nima emish, oq futbolka (polo) — forma emasmish? Kim aytdi desam, «Endi-da» deyishadi xolos. Qishlog‘imiz, umuman, tumanimiz (respublikamizda desam ham bo‘laversa kerak) nega rivojlanmasligini tushungandekman. Bolaga qulaylik yaratish emas, iloji boricha ularning hammasini bir xillashtirish, standartlashtirish (koshki bilimda ham ularni standartlashtirishga harakat boshlasak ekan), robotlashtirish kayfiyati deymizmi, istagi deymizmi — ustun bo‘lar ekan, ta’lim sifati haqida so‘z ochmasak ham bo‘laveradi.
Men esa baribir formalar qatoriga bir juft oq futbolka (polo) qo‘shib olish fikrimni o‘tkazdim. Kofta ham o‘z o‘rnida zarurdir, rasmiy qanaqadir tadbirlarda asqatar, lekin ta’lim sifatiga mutlaqo aloqasi yo‘q matoh. Futbolka (polo) esa ham jismoniy, ham ruhiy erkinlik beradi. Aks holda futbolchilar tizzasidan qirqilgan shimda oq ko‘ylakka bo‘yinbog‘ taqib futbol o‘ynardi» — deydi Iqboljon Kamolov
Yuqoridagilaga qo‘shimcha sifatida shuni aytishim mumkinki, haqiqatdan ham maktab formasi o‘quvchilarga noqulaylik tug‘dirmasligi kerak. O‘quvchidan aynan hozirgi ko‘rinishdagi oq ko‘ylak talab qilish, ularga hozirdan galstuk taqtirish menimcha shart emas.
Oq futbolka (polo) maktab formasi emas deyish ham biroz noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Chunki majburiy forma joriy qilingan taqdirda ham oq ko‘ylak maktab formasi to‘plamiga kiritilmagandi. Demak oq futbolka (polo) kiyish maktab formasiga qo‘yilgan talablarni ham buzmaydi. Shuning uchun maktab ma’muriyati mana shu narsalarni hisobga olib qo‘ysa zarar qilmasa kerak.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:01