Sentabrdan o‘qituvchilarning oylik maoshi yana oshiriladimi?
Savol: Ijtimoiy tarmoqlarda 2022 yil 1 iyun va 1 sentabrdan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdorlari oshirilishi munosabati bilan Xalq ta’limi muassasalari pedagog xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy tarif stavkalari miqdorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarqatildi. Bu xabarlar qanchalik to‘g‘ri? Rostdan ham maktab o‘qituvchilarining oyligi sentabrdan yana oshiriladimi?
Savolga Ulug’bek Po’latov javob berdi:
Ma’lumki, 2022 yilning 1 iyunidan boshlab budjet tashkilotlari xodimlari ish haqi miqdori 12% miqdorida oshirildi. Shu munosabat bilan Xalq ta’limi vazirligi bir nechta vazirliklar bilan birgalikda xalq ta’limi tizimidagi pedagog va rahbar xodimlarining bazaviy tarif stavkalari hamda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari xodimlarining lavozim maoshlari miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida qo‘shma qaror imzolagan.
Ushbu qaror bilan esa Xalq ta’limi tizimi xodimlarining bazaviy tarif stavkalari miqdori tasdiqlanib, joriy yilning iyun oyidan boshlab pedagog xodimlar qancha miqdorda oylik maosh olishi bo‘yicha aniq summalar belgilangan.
❕Ammo mazkur qo‘shma qarorda ham boshqa normativ hujjatlarda ham sentabr oyidan boshlab o‘qituvchilarning oylik maoshi oshirilishi bo‘yicha hech qanday band keltirib o‘tilmagan.
Ko‘pchilikni chalg‘itayotgan narsa bu — Prezidentning 2022 yil 11 maydagi “2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-134-sonli farmoni bilan 1 sentabrdan boshlab Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalari va «Bolalar kutubxonalari» xodimlarining lavozim maoshi miqdorining 1,2 baravarga oshirilishidir.
Ya’ni 1 sentabrdan boshlab pedagog xodimlarning emas balki umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan kutubxona xodimlarining oylik maoshi oshirilmoqda. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak hozircha pedagog xodimlarning oylik maoshlari oshirilishi bo‘yicha hech qanday ma’lumotlar yo‘q.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:58