Bayramlar ta’til vaqtiga to‘g‘ri kelsa ta’til uzaytiriladimi?
Ma’lumki, hozirgi kunda pedagog xodimlarning ko‘pchiligi yillik asosiy mehnat ta’tiliga chiqarilgan.
Bugungi kunda, xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan mehnat ta’tiliga chiqqan pedagog va boshqa xodimlar tomonidan, Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan belgilangan dam olish kunlari mehnat ta’tili kunlariga qanday ta’sir ko‘rsatishi yuzasidan Xalq ta’limi vazirligiga murojaatlar kelib tushgan.
❕Mazkur masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi quyidagilarni ma’lum qildi:
Qurbon xayiti munosabati bilan joriy yilning 9 iyul kuni bayram kuni deb e’lon qilinganligi bois, agar xodim shu kuni mehnat ta’tilida bo‘lgan bo‘lsa uning ta’tili bir kunga uzaytiriladi.
Ammo qo‘shimcha dam olish kuni (11 iyul) hisobiga mehnat ta’tili uzaytirilmaydi, chunki bu kun bayram kuni emas. Mehnat kodeksining 139-moddasiga binoan, faqat mehnat ta’tili davriga to‘g‘ri kelib qolgan va qayd etilgan kodeksning 131-
moddasiga muvofiq ishlanmaydigan kunlar deb hisoblanadigan bayram kunlarigina mehnat ta’tili muddatini belgilashda hisobga olinmaydi. Aynan shu qoida 12 iyul kuniga ham tegishlidir.
Shu munosabat bilan, ushbu tushuntirishlardan kelib chiqqan holda mehnat ta’tiliga chiqqan xodimlarning ta’til kunlari qayta ko‘rib chiqilib va bu borada tegishli ishlar amalga oshirilishi maqsadga muvofiqdir.
❕Asos: Xalq ta’limi vazirligining 2022 yil 25 iyuldagi 03-03/1-3866-sonli xati.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:58