Xorijiy davlatlarda bankomatdan naqd pul olishda komissiya toʻlovlari miqdori qancha?
Bugungi kunda fuqarolar plastik kartalaridagi pullarni bankomatlar orqali naqd pul qilish xizmatidan deyarli har kuni foydalanib kelmoqdalar.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston hududidagi ayrim banklarda naqd pul yechish boʻyicha komissiya toʻlovlari 3 foizgacha oshirilgani haqida
xabarlar tarqaldi.
Xoʻsh, Oʻzbekistonga qoʻshni va boshqa ayrim xorijiy davlatlarda bankomatlar orqali naqd pul yechganlik uchun necha foiz komissiya toʻlovi amalga oshiriladi?
Bu boradagi xorijiy amaliyot Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan tahlil qilindi.
Aniqlanishicha, Qozogʻistonda kartadagi pullarni bankomatlar orqali naqd pul qilishda fuqarolarga ancha qulaylik yaratilgan. Ushbu davlatdagi koʻplab banklarda kartadagi elektron pullarni bir oyda maʼlum bir miqdorgacha naqdlashtirishda komissiya toʻlovlari undirilmaydi, yaʼni tekin.
Masalan, “Altyn Bank”ka tegishli boʻlgan “Gold” plastik kartadan fuqarolar 1 oyda 400 ming tenge (9 200 000 soʻm) miqdorigacha pulni komissiya toʻlovisiz naqdlashtirishlari mumkin, 400 ming tengedan ortiqcha qismidan 1% komissiya toʻlovi va 500 tenge (11500 soʻm) undiriladi.
Shuningdek, “Alfa-bank”ka tegishli boʻlgan “Alfa Wow” plastik kartadan fuqarolar 1 oyda 500 ming tenge (11 500 000 soʻm) miqdorigacha pulni komissiya toʻlovisiz naqdlashtirish imkoniyatiga ega, 500 ming tengedan ortiqcha qismidan 0,95 % komissiya toʻlovi undiriladi.
Qirgʻizistonda ham kartadagi pullarni bankomatlar orqali naqdlashtirish uchun komissiya toʻlovining miqdori Oʻzbekistonda belgilangan foiz stavkalaridan kamligini koʻrish mumkin.
Masalan, “Elkart” deb nomlanuvchi plastik kartadan milliy valbtada pul naqdlashtirilganda maksimum 0,6 % gacha komissiya toʻlovi undiriladi. Komissiya toʻlovining miqdori naqdlashtiriladigan pul miqdoriga bogʻliq, biroq 0,6 %dan oshmaydi. Qirgʻizistonda aholining katta qismi ushbu kartadan foydalanishadi.
“Elkart” plastik kartasi qaysi bankda ochilgan boʻlishiga qarab komissiya toʻlovi farqlanadi. Masalan, “Optima Bank”da ochilgan «pulni bankomatlarda naqdlashtirish komissiya toʻlovisiz amalga oshiriladi, “Keremet bank”da ochilgan “Elkart” plastik kartasidan pul naqdlashtirilganda 0,3% komissiya toʻlovi undiriladi.
Rossiya Federatsiyasida agarda naqdlashtirish plastik karta ochilgan bankkaa (shu jumladan, filiallariga) tegishli bankomatlarda yoki ularning hamkorlariga tegishli boʻlgan naqdlashtirish punktlarida amalga oshirilsa, komissiya toʻlovi undirilmaydi.
Plastik karta ochilgan bankdan boshqa banklarga yoki bankning hamkorlariga tegishli boʻlmagan naqdlashtirish punktlarida kartalardan pul naqdlashtirilganda 1 foiz komissiya toʻlovi olinadi.
Germaniyada ham bankomatlarda naqd pul yechishning oʻziga xos tizimi mavjud. Ushbu davlatda aholining katta qismi EC-karta (“Electronic Cash”) dan foydalanadi.
EC-kartasi ochilgan bankka tegishli bankomatlarda va ushbu kartani oʻqiydigan boshqa maxsus bankomatlarda kartadagi pullarni naqdlashtirish uchun komissiya toʻlovi undirilmaydi.
Qolgan bankomatlarda esa kartadagi pul naqdlashtirilganda har bir operatsiya uchun oʻrtacha 5 yevro undiriladi.
Litva va Estoniyada koʻplab fuqarolar “Swedbank”da ochilgan bank kartalaridan foydalanadi va ular ushbu bankka tegishli bankomatlarda 1 oyda 600 yevrogacha pulni komissiya toʻlovisiz naqdlashtirishlari mumkin. Agarda limitdan oshsa, oshgan summa qismining 0,29% komissiya toʻlovi sifatida toʻlanadi. Agarda boshqa bankomatlarda pul naqdlashtirilsa, 2 %, biroq 3 yevrodan kam boʻlmagan miqdorida komissiya toʻlovi undiriladi.
Xorijiy davlatlar tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, plastik karta qaysi bankda ochilgan boʻlsa, oʻsha bankka tegishli bankomatlarda pul naqdlashtirilganda (1 oyda) maʼlum bir summagacha komissiya toʻlovi undirilmaydi va faqatgina belgilangan limitdan oshgan qismidan maʼlum bir summa komissiya toʻlovi sifatida undiriladi. Shuningdek, ayrim davlatlarda kartada pensiya va ijtimoiy toʻlovlar boʻyicha mavjud pullar naqdlashtirilganda komissiya toʻlovi undirilmaydi.
Bozor munosabatlari toboro rivojlanib borayotgan Oʻzbekiston hududida ham ushbu tajribani amaliyotga tatbiq etish davlat iqtisodiyotining rivojlanishiga va aholining turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Qahhor JUMAYEV,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi.
Manba: xs.uz
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:55