Voyaga yetmaganlar tarbiyasida inspektor-psixologlarning oʻrni qanday?
Taniqli maʼrifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir” deb aytgan chuqur maʼnoli iborasi bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmasdan, aksincha yosh avlod tarbiyasining dolzarb masala ekanligi avvalgidan muhimroq ekanligini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi. Zero, farzandning oiladagi tarbiyasi, uning maktabdagi taʼlimi hamda kelajakda oʻz yoʻlini topib ketishiga panja orasidan qarab, faqatgina ularning moddiy taʼminoti bilan ovora boʻlib qolayotgan ota-onalar, tarbiya masalalariga eʼtiborsiz qaralgan vaziyatda yuzaga keladigan koʻngilsizliklar, u keltirib chiqaradigan zararli oqibatlar hanuzgacha uchrab turibdi.
Bizga maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida” hamda “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonunlari bilan davlatimiz vakolatli idoralari tomonidan Ichki ishlar organlariga voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi — voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi, qarovsizligiga, ular tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishiga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan, yakka tartibdagi profilaktika ishi bilan birgalikda amalga oshiriladigan ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va boshqa chora-tadbirlar tizimi. Yuqoridagi qonunlar talablari ijrosini taʼminlash maqsadida, ichki ishlar organlari bir necha yoʻnalishda voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirib kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy choratadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat asosida “Xavfsiz taʼlim muassasasi” tamoyili asosida voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog lavozimlari joriy etildi va ularning bevosita xizmat oʻtash joyi etib umumiy oʻrta taʼlim muassasalari sifatida belgilandi.
Shuningdek, yangi joriy qilingan tizim asosida, inspektor-psixologlar zimmasiga har bir oʻquvchi kesimida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida psixologik muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga murosasiz munosabatda boʻlish hissini shakllantirish, muammoli oʻquvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash vazifalarini yuklash belgilandi. Buning isboti oʻlaroq olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida birgina tuman markazida joylashgan “Charmgaron” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 12 nafar voyaga yetmaganlar toʻgʻri yoʻlga oʻtdi. Ayniqsa oʻtgan 2 oy davomida inspektor-psixologlar tomonidan voyaga yetmaganlarni boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida taʼlim, madaniy-koʻngilochar va sport-sogʻlomlashtirish muassasalarida 15 dan ortiq turli toʻgaraklar tashkil etildi.
Yusuf NASULLAYEV,
Vobkent tumani ichki ishlar boʻlimi huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog, leytenant
Manba: xs.uz
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:47