Maktab direktori intizomiy jazo chorasi qo‘llashi mumkinmi?
Ta’lim muassasasida mehnat intizomini ta’minlashning zaruriy sharti mehnat jamoasi tasdiqlagan Ichki tartib qoidalari belgilaydigan aniq mehnat tartibini o‘rnatish hisoblanadi.
Shuning uchun har bir pedagog xodim ishga tushishdan oldin o‘z huquq va majburiyatlari bilan tanishtirilib, mehnat intizomini buzganlik uchun ularga jazo choralarini qo‘llash mumkinligi haqida ogohlantirib qo‘yish maqsadga muvofiqdir.
Mehnat intizomini buzganlik uchun maktab direktori pedagog xodimlarga intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli. Uni qo‘llashdan avval pedagog xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozim. Intizomiy jazo bevosita nojo‘ya xatti-harakat aniqlanganidan keyin, ammo bu harakat aniqlangan kundan boshlab uzog‘i bilan 1 oy ichida qo‘llanilishi kerak.
❕Mehnat kodeksining 181-moddasiga muvofiq mehnat intizomini buzgan pedagog xodimlarga xayfsan, o‘rtacha oylik ish haqining 30% idan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima va mehnat shartnomasini bekor qilish kabi jazo choralari qo‘llaniladi.
Jazo chorasi qo‘llanilgandan so‘ng, pedagog xodimga intizomiy jazo berilgani to‘g‘risidagi buyruq ma’lum qilinib, tilxat olinishi lozim. Intizomiy jazoning amal qilish muddati jazo qo‘llanilgan kundan boshlab bir yildan oshib ketishi mumkin emas. Agar xodim bir yil davomida yangidan intizomiy jazoga tortilmasa, u intizomiy jazoni olmagan hisoblanadi.
Manba:
Xalq ta’limi InfoJoylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:26