Maktabga kelgan komissiyaga tushlik tashkillash ham korrupsiya!
So‘ngi vaqtlarda maktabda bo‘ladigan «yig‘di-yig‘di»lar masalasi kun mavzusiga aylandi. Bunga sabab bo‘ladigan bir qancha omillar bor. Hozir shunday holatlardan biri haqida
aytmoqchimiz.
Odatda maktablarga komissiya kelsa, yoki o‘sha maktabda seminar, tadbir o‘tkazilsa, maktabda katta dasurxon yoziladi. Albatta, bu harajatlar uchun sarflangan pullarni o‘qituvchilar to‘laydi.
Undan tashqari maktablarni tekshirishga keladigan komissiya a’zolarini joylardan olib kelish, kutib olish, tushlik qilmoqchi bo‘lsa, tushlik harajatlarini qoplash, ayrim hollarda tekshiruvchilarnining shaxsiy mashinasi bo‘lmasa ularni kelgan manzillariga tashlab qo‘yish ham maktab ma’muriyatining zimmasiga yuklatiladi. Bunga hamma o‘rganib qolgan.
Shuningdek, ayrim joylarda bayramlar arafasida maktab ma’muriyati tomonidan hududiy xalq ta’limi bo‘limi xodimlari (mudir, uning o‘rinbosarlari, metodist va boshqalar)ga tantanovor ravishda sovg‘alar ulashish ham odat tusiga kirib qolgan desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
Bunga esa xizmat safariga jalb qilingan xodimlarga sarf-harajatlar uchun mablag‘ berilmasligi shuningdek, seminar, tadbir va turli xil tanlovlar o‘tkaziladigan maktablarga budjetdan hech qanday mablag‘ ajratilmasligi sabab bo‘ladi.
Bunday holatlarni ham oldini olish choralarini ko‘rib qo‘ysak yomon bo‘lmasdi. Maktablarni tekshirish uchun jalb qilingan xodimlarning tushligi, yo‘l haqi va boshqa harajatlari uchun albatta mablag‘ ajratish kerak. Xullas mana shunday omillar ham maktabda noqonuniy yig‘imlar ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:26