O‘qituvchilarni videotasvirga olgan o‘quvchilarga ham chora ko‘rish kerak
O‘qituvchilarni videotasvirga olib, uni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan o‘quvchi va ularning ota-onalariga ham qonuniy chora ko‘rish kerak.
So‘ngi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchisi bilan tortishib qolgan o‘quvchilar, o‘quvchiga qo‘l ko‘targan pedagoglar, dars jarayonida olingan turli-xil videotasvirlar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lyapti.
Negadir bunday vaziyatlarda hamma faqat o‘qituvchi haqida gapiradi. Shu kabi holatlar to‘liq o‘rganib bo‘lingandan keyin ham o‘qituvchi, maktab direktori yoki uning o‘rinbosarlariga chora ko‘riladi.
O‘qituvchilarni quyishqondan chiqishga majbur qilgan, dars jarayonini videotasvirga olib, uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan o‘quvchilar va ularga shunday tarbiya bergan ota-onalarga hech kim chora ko‘rmaydi.
O‘quvchiga qaysidir o‘qituvchi yoqmay qolsa yoki ozgina talabchanlik qiladigan bo‘lsa ayrim maktab o‘quvchilari uyushgan holda o‘qituvchini jaxlini chiqarib, ana shu holatni videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatishga odatlanib qoldi. Chunki bu usul bilan o‘qituvchini ishdan chetlatish oson bo‘lib qoldi.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi 139-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda o‘quvchilar maktab hududida suratga olish va video tasvirga tushirish, telefon (GPRS, Bluetooth, Internet va shu kabilar) orqali boshqa xizmatlardan foydalanish taqiqlanganligi qayd etilgan.
Ta’lim muassasalarida hatto telefon orqali so‘zlashish hamda SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni jo‘natish ham taqiqlangan. Afsuski masalaning manashu tarafiga hech kim e’tibor bermayapti. Shu kunga qadar bu kabi holatlarga ko‘z yumib kelinmoqda.
Mas’ullar ham qaysidir voqeaga munosabat bildirish va hisobot berish uchungina pedagog xodimlarni ishdan bo‘shatishi yoki ularga jazo choralari ko‘rib, faqat bir tomonni ayblash bilan chegaralanishi faqat o‘qituvchilarni obro‘sini yerga uradi xolos. Qonun barchaga barobar bo‘lishi kerak. O‘qituvchiga chora ko‘rildimi, demak bu holatga sababchi bo‘lgan o‘quvchilar va ularning ota-onalariga ham ta’sirchan chora ko‘rish kerak.
P.S: Bu bilan qonun buzilishiga sababchi bo‘lgan o‘qituvchilarni oqlamoqchi emasman. Men faqat jazo choralari hammaga birdek qo‘llanishi tarafdoriman.
Manba:
Xalq ta’limi InfoJoylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:11