Ta’til puli (Ya’ni "Otpusknoy") haqida she’r
Ura! Ta’til pul oldim,
Endi men ham boy bo‘ldim.
Katta rejalar tuzib,
Orzu-xayolga cho‘mdim.
Hech kimdan kam emasman,
Sayohatga boraman.
Mazza qilib bironta,
Kurortda dam olaman.
Erta tong uyushmaga,
Uchrab qo‘yay dastavval.
Yaxshi bir sixatgohga,
Yo‘llanmani qilay hal.
So‘ng bozorga tushaman,
Yangi liboslar olay.
Biron yemakhonada,
Kabobxo‘rlik deganday.
… Shoshma , hali kottamni,
Kontrakti turibdi.
Kenjatoyim eskiroq,
Poyabzalda yuribdi.
To‘y boshladim dedimi?
Kecha tog‘am chamasi.
Hayolimdan chiqibdi,
Imoratni chalasi.
Kredit ham to‘lanmay,
Qolgan edi so‘ngi oy.
Dam olishni keyinga,
Suraman-ov hoynahoy…
Shu alfoz o‘tar umr,
Orzularga berilib.
Mazza qilib aqalli,
Hayol surdim kerilib.
Shukrona bo‘lsin Tangrim,
Ko‘nglim yiroq nolishdan.
O‘zing asra odamni,
Tashvishlarsiz qolishdan.
Oqqan daryo o‘zani,
Yana suvga to‘ladi.
O‘qituvchi ham bir kuni,
Albatta boy bo‘ladi.
© Dilshodbek Tojiboyev
O’qituvchilar haqida hazil she’rlarni ushbu sahifada o’qing:
O’qituvchi qalbidagi gaplar hazil she’rlardaJoylangan vaqt: 2022-08-27 21:59:59