Bitiruvchi vaqtida pasport olmasa nima qilish kerak?
O‘z vaqtida pasport (ID karta) olmagan maktab bitiruvchisiga chora ko‘rsa bo‘ladimi?
Savol: Men 11 sinf rahbariman. Yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishda 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilarimning barchasi pasport olishi kerakligi aytildi. Lekin 2 nafar o‘quvchim bir necha bor ogohlantirishimga qaramay pasport olishni istamayapti. Ularni deb direktorimiz menga chora ko‘rmoqchi bo‘lyapti. Shu o‘quvchilar o‘z vaqtida pasport olmaganligi uchun javobgarlikka tortsa bo‘ladimi?
Javob: Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish uchun bitiruvchilarning pasport (ID karta) ma’lumotlarini kiritish talab etiladi. Shu bois, 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishlari zarur.
Qonunchilikka ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan barcha fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportiga ega bo‘lishlari shart. 16 yoshga to‘lgan shaxsga fuqarolik pasporti ichki ishlar organlari tomonidan beriladi.
Ammo Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasida o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi o‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan identifikatsiyalovchi ID-kartasini o‘z vaqtida olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi qayd etilgan.
❕Shu sababli o‘z vaqtida pasport olmagan maktab bitiruvchilarini ham ularning ota-onalarini ham javobgarlikka tortishning imkoni yo‘q. Bu vaziyatda ota-onalardan 16 yoshga to‘lgan farzandlarining o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishini ta’minlashini so‘rab murojaat qilish to‘g‘ri bo‘ladi.
Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish joizki, maktab bitiruvchisining o‘z vaqtida fuqarolik pasportini olmaganligi uchun sinf rahbarlariga ham javobgarlik belgilanmagan.
Manba:
Xalq ta’limi infoJoylangan vaqt: 2022-08-27 21:59:48