Bugungi kunda O`zbekistondan AQShga borib yashayotgan o`zbek oilalari farzandlari hamda boshqa qiziquvchilar uchun Nyu-York shahrida o`zbek tili o`quv markazi faoliyat olib boradi.
Ko`p yillar Samarqanddagi oliy o`quv yurtlarida, pedogog xodimlarning malakasini oshirish institutida faoliyat ko`rsatgan, ayni paytda esa Amerikada yashayotgan filologiya fanlari nomzodi, dosent Abduvohid Xudoyberdiev ana shu maktabda saboq beradi. Bu haqda UzA
yozmoqda.
Domla 2015 yilda “gren kart” bilan okean orti mamlakatiga ketgan va o`sha erda mehnat faoliyatini olib bormoqda. O`sha erda turib “Amerikadan maktublar”, “O`zbek tili dunyo kezmoqda” deb nomlangan kitoblar yozdi. Bu kitoblarda AQShda yashayotgan o`zbekistonliklar va o`zbek millatiga mansub kishilarning hayot tarzi, oila va farzandlar ta`lim-tarbiyasi, milliy an`ana va qadriyatlarimizga, o`z ona tilimizga munosabati haqida so`z yuritgan edi.
Abduvohid aka ikki yil oldin yurtimizga kelganida hozirda AQShda yashayotgan o`zbek oilalarida tug`ilgan farzandlar ona tilimizni bilmasligi, milliy urf-odatlar ham unutilib borayotgani haqida kuyinib gapirgan edi. Shu bois AQShning ko`plab shtatlaridagi o`zbeklar jamiyatlari tomonidan milliy bayramlarimiz birgalikda nishonlanayotgani, turli qadriyatlar davom ettirilayotganini aytgandi. Xususan, Nyu-Yorkdagi vatandoshlarimiz tashabbusi bilan o`zbek tili o`qitish maktabi tashkil etilgani va o`zi ham shu maktabda o`quvchilarga saboq berayotganini bildirgandi. Yaqinda Abduvohid akaning “Nyu-York maktabida odobnoma” deb nomlangan darsligi nashr etildi. O`zimizning maktablarimizda ham odobnoma darsi o`tiladi. O`quvchilarga yoshligidan milliy tarbiya beriladi, ota-onaga, kattalarga munosabat, ko`cha-ko`yda odamlar bilan muomala madaniyati va boshqa shu kabi xususiyatlar o`rgatiladi. Shu jihatdan “Nyu-York maktabida obodnoma” biroz farq qiladi. Avvalo, kitobda Alisher Navoiy asarlaridagi ilohiy ishqning mohiyati, Ahmad Farg`oniy, Imom Dorimiy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Marg`inoniy singari allomalarning hayoti va faoliyati, sohibqiron Amir Temurning oila va farzand ta`lim-tarbiyasiga oid qarashlari, muqaddas Islom dini g`oyalari sodda va tushunarli tilda bayon etilgan. Shuningdek, O`zbekiston xalq yozuvchilari Tohir Malik, Muhammad Ali va boshqa ijodkorlarning asarlaridan namunalar keltirilgan.
Misol uchun Tohir Malikning “Odamiylik mulki” kitobidan “Pul go`yo o`tkir qilich, do`stlik zanjirini kesadi”, “Inson baxtiyor bo`lishi uchun yaralgan, boy bo`lish uchun emas” singari hikmatli ko`zlar keltirilgan. Shuningdek, mehmonda va dasturxon atrofida o`tirish odoblari sanab o`tilgan: taomni kam eyish foydali, taomni yoshi kattalar boshlashi kerak, non ikki qo`l bilan sindiriladi. E`tiborlisi, kitobda muhojirlikda yashashning ham o`ziga xos tartib-tamomillari borligi bayon etilganki, bu mutlaqo boshqa turmush tarzi, boshqacha muomala-munosabat qaror topgan davlatda o`zga bir yurtdan borgan kishilar va ularning farzandlari uchun juda kerakli tavsiyalardir.
“Eru xotin farzandlari rizqu nasibadan iqtisod qilib, Vatanda uy, mashina sotib olish, jamg`armasini aylantirib turishni ko`zlaydi. Bu, balki, o`zini oqlar. Ayrimlar foizga qarz berishni odatga aylantirgan. Ish bilan bo`lib farzandlari tarbiyasidan uzoqlashib ketyapti. Oldin kelganlarda farzand bilan ota-ona o`rtasida muammolar ko`paymoqda”. Darslikda Mirzo Ulug`bek, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur va boshqa ajdodlarimizning bolalik yillari, ular bilan bog`liq ibratli hikoyalar ham keltirilgan. Balki, kitobda yozilgan pand-nasihatlarni ota-onalar oila davrasida farzandlariga aytar, ular onggiga singdirib borar. Lekin maktabda o`z tengdoshlari bilan birga bu kabi odob-axloq me`yorlarini o`rganib borish bolalar tarbiyasiga ijobiy ta`sir qilishi shubhasiz.
Umuman, bugun dunyo globallashib, farzandlarimiz ko`p vaqtini internetda, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib o`tkazayotgan paytda ularni boshqalar emas, o`zimiz tarbiyalashimiz, o`zimizga xos an`ana va qadriyatlarimizni o`rgatishimiz, ular yurtda yoki xorijda bo`lishidan qat`iy nazar o`zligini anglashiga, hayotda to`g`ri yo`lni topishiga yordam beradi. Bu aslo, kimlardir jar solayotganidek erkinlikni cheklash emas.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:59:13