Odatda oliy o‘quv yurtlarida tayyorlanayotgan mutaxassislarning sifati, bilim darajasi pastligi haqida so‘z ketganda, xalq ta’limi vakillari oliy ta’limga, oliy ta’lim esa o‘rta ta’limga “Ha, endi loyi qancha soz bo‘lsa, undan yasalgan ko‘za ham shuncha yaxshi bo‘ladi-da” qabilida iddao qilishadi.
Aslida muammo yechimi ikkala tomonga ham, shuningdek, jamiyat, oila, maktab o‘quvchi-talabaning ta’lim olishiga munosabati, qiziqishi, harakati va intilishlariga, ta’lim va tarbiyani uyushtirish, tashkil qilish darajasiga bog‘liq.
Ta’limning samarali bo‘lishi ko‘p hollarda maktabga borib taqaladi. Har qanday darajadagi ta’limning maqsadi, avvalo, ularni savodli qilish, bilim oluvchilarga tabiat va jamiyat borasidagi narsa, hodisa, voqealar qonuniyatlari haqida ma’lumotlar berish, ularning sir-asrorlaridan xabardor qilish, olingan ma’lumotlarni to‘plab tahlil, tafakkur qilib xulosalar chiqarishga, ya’ni anglashga o‘rgatish hamda ma’lum yo‘nalishdagi ijtimoiy-kasbiy malakalarni berishdan iborat.
Demak, asosiy e’tibor o‘qituvchi faoliyatini takomillashtirish, muallimlarning moddiy ta’minoti, ijtimoiy himoyalanganligi, ularning mehnatini qadrlashga qaratilishi lozim. Bu boradagi huquqiy hujjatlar ham hadeb o‘zgartirilavermasdan, avvalo, jamoatchilik, tajribali o‘qituvchilar fikrlari olinib tasdiqlanishi, agar hujjatlar murakkab bo‘lsa, dastlab eksperiment sifatida joriy qilinishi ma’qul. Yangi tashkil qilinayotgan pedagogika institutlari hamda o‘qituvchilik kasbiga talaba qabul qilishning asosiy mezoni bilimdan iborat bo‘lishi, kirish ballarida nogiron (ko‘zi ojiz)lardan boshqalarga beriladigan barcha imtiyozlar bekor qilinishi shart. Agar o‘qishga kiruvchi haqiqatan olimpiadalar g‘olibi bo‘lsa, uni kirish testlarida oqlasin. Harbiy xizmatdan tavsiya olgan bo‘lsa, yaxshi. Lekin bu barcha fuqarolarning Vatan oldidagi burchi, majburiyatidir.
Bulardan tashqari:
— maqsadga muvofiqlik niqobi ostida har qanday past ball to‘plaganlarni qabul qilishni man etish;
— ikkinchi matuxassislik olish – umumiy asoslarda, ya’ni ta’lim birinchi kurslardan boshlanishi lozim;
— orttirilgan kontrakt bilan talabalikka qabul qilishni bekor qilish;
— umuman, pedagogika yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalarga nisbatan pullik shartnomani bekor qilish, ularni to‘la davlat grantlari asosida o‘qitish, stipendiyalarni esa o‘qish natijalariga mos holda, darajali belgilash;
— shunga mos holda maktablarga bitiruvchilarni ishga taqsimlash davlat dasturi, rejalari asosida bo‘lishi lozim;
— u mutaxassislikdan bunisiga, institutdan-institutga o‘tkazishlar ham ta’qiqlanishi kerak. Chunki bunday harakatlar avvalo, ta’lim sifatining pasayishi, qolaversa, korrupsiyani avj oldirish yo‘llaridan biri ekanligini 2020 yildagi misollar ko‘rsatib turibdi. Shuningdek, bu borada pedagogika institutlarining qayta tashkil qilinishi munosabati bilan maxsus sirtqi va sirtqi ta’limni ham tugatish maqsadga muvofiqligini o‘ylab ko‘rish kerak.
Ba’zi pedagogik ixtisosliklar ta’lim davri uch yil bo‘lishi, o‘qish jarayoni bakalavr darajasigacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bo‘lmagan fanlar, o‘quv kurslarining qisqartirilishi ham maqsadga muvofiq. Ushbu holatni oliy ta’lim va xalq ta’limi o‘quvchi-talabalarining qishloq xo‘jalik ishlariga jalb etilishi man etilganligi o‘qish jarayonini uzilishlarsiz davom ettirish bilan ham asoslash mumkin. Shuningdek, pedagog kasbiga o‘qishga kiruvchilar uchun ilgaridan an’anaviy bo‘lib kelgan kirish imtihonlari: o‘zbek tili va adabiyoti yozma (insho) barcha ixtisoliklar uchun, mutaxassislik turlari, masalan, fizika fanidan test, matematika fanidan yozma imtihonlar o‘tkazilsa yetarli.
Pedagog-o‘qituvchilik kasbiga faqat shu sohaga qiziqqan, bilimli, kasbga sodiq, yuborilgan maktabiga borib ishlay oladigan, har tomonlama o‘qituvchilikka loyiq, o‘qishni xohlovchilardan saralab olish lozim. Shunda ehtimol, maktabdan keyingi ta’lim yaxshi tayyorgarlikka ega talabalar bilan ta’minlanadi. Oliy ta’lim tizimi orqali yaxshi mutaxassislarni tayyorlash maktabdan boshlanishi hech kimga yangilik emas, bu joyda ta’lim-tarbiya yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, maqsadga yo‘naltirilgan, o‘quvchida bilim olishga, o‘z ustida ishlash mas’uliyati shakllangan bo‘lsa, undan albatta, yaxshi mutaxassis chiqadi.
Yaxshi mutaxassis o‘qituvchi, avvalo belgilangan yuklamalarni a’lo darajada bajarsin, undan keyin qo‘shimcha dars o‘tib (yoki repetitorlik) maktab unga qo‘shimcha soatbay haq to‘lasin. Hozirda repetitorlik tufayli yaxshi mutaxassis asosiy darslarga sovuqqonlik bilan qaramoqda, o‘quvchi esa darsga kirmay, repetitorga boradi.
Savod chiqarish, atroflicha bilim olish, malakali mutaxassis bo‘lib yetishish avvalo, har bir o‘quvchi-talabaning o‘z intilishlari, qobiliyati, o‘z ustida qunt bilan ishlashi va bu borada tinmay qilgan mashaqqatli mehnati samarasidir. Boshqa barcha holatlar shu yo‘ldagi qiyinchiliklarni bartaraf etish, tolibi ilmga yordam berish, ko‘maklashish borasidagi choralardir.
Islom huquqshunosligining Hanafiylik maktabi asoschisi Abu Hanifa an Nu’mon ibn Sobit (699-767)dan “Shogirdlaringiz orasida qaysidan andoqqi, kunglunguz tilar rozisiz”, deya so‘raganlarida u kishi imom Muhammadi hamda Abu Yusuf va uning hamsaboqlarini tilga olgan. Yugnakiy haqida esa “Ammo ul ko‘r turkki (shoirning ko‘zlari basir bo‘lgan – Z.M) saffi ni’olda (quyida oyoq kiyimi yechiladigan joyda) o‘ltirur va bir mas’alani mazbut qilib (ochiq bayon qilib, mustahkamlab) to‘rt yig‘och yo‘l yayog‘ kelib (salkam 20 kilometr) borur, andoqkim kerak ul tahsil qilur”, deb javob bergan ekanlar. Shu holatda bilim olgan Ahmad Yugnakiy buyuk olim va shoir bo‘lib yetishib, turkiy tildagi ilk huquqiy asarlardan biri “Hibat-ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar qaymog‘i”) asarini yozib, islom axloqi va g‘oyalarini Qur’on oyatlari va hadislar asosida oddiygina qilib tushuntirib bergan ekanlar.
Ziyodulla MUQIMOV,
SamDU professori.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:59:12