O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahar vakilligi masalaga oydinlik kiritdi.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nomlaridan yana bir yolg‘on xabar tarqaldi.
Emishki, bir yil keladiki, unda musulmonlarga zarar bo‘ladi. Bu oyda Ramazonning birinchi kuni juma kuniga to‘g‘ri keladi. Ro‘zaning o‘n beshinchi kunida osmondan qattiq ovoz keladi, ovozni eshitganlar darhol eshik derazalarni mahkam yopib, sajdaga yiqilinglar va sajdada “Subhanal Quddus, Robbuna Quddus”, deb aytinglar. Shunda najot topasizlar. Yana ikkita ovoz keladi. Ularning birinchisi Jabroil alayhissalomning ovozi va ikkinchisi shaytonlarning ovozi. Ushbu paytda uydan chiqmay o‘tiringlar va hokazolar…
Bundan ilgari esa Ramazonning kelishi haqidagi xushxabarni kishilarga yetkazgan kishiga do‘zax xarom qilinadi, degan xabar tarqagan edi.
Bu kabi xabarlar yolg‘on, g‘irt to‘qima, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan, bularning barchasi ilmsizlik va ahmoqlikdan boshqa narsa emas, deb xabar berdi O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahar vakilligi matbuot xizmati.
Chunki ilmdan, hadisi shariflardan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadis aytishdagi uslublaridan ozgina xabari bor kishi bu kabilarning yolg‘on gap-so‘zlardan iborat ekanligini yaxshi biladi.
Qolaversa, Islom dinida yolg‘on so‘zlash gunohi og‘ir bo‘lgan amallardan hisoblanadi. Agar bu yolg‘on Rasululloh solallohu alayhi vasallamning nomlaridan to‘qilgan bo‘lsa, azobi yanada og‘ir bo‘ladi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Mening sizlarga ko‘p hadis aytishimni man qiladigan narsa Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: «Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘ini olaversin», deganlaridir», dedi». Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘ini olaversin», deyilgan.
Boshimizga tushgan bu musibatdan, atrofda bo‘layotgan voqea hodisalardan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanib, musulmonlar qalbiga qo‘rquv, sarosima va vahima solayotgan nobakorlarning nayrangiga uchmang!
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:59:08