Deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Ushbu xabarni 10 ta odamga yuboring va baxtli bo‘ling» kabi mazmunda tarqatilayotgan xabarlarga ko‘zimiz tushadi.
Eng qizig‘i, nafaqat yoshlar, balki katta yoshdagilar ham bunday xabarlarni tarqatishiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz.
Xo‘sh, bunday xabarlar kimga va qanday maqsadlar uchun xizmat qiladi?
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, yuqoridagi feyk xabarlar dastlab SMS tarzida ommalashgan bo‘lib, bu o‘z o‘rnida aloqa kompaniyalariga iqtisodiy jihatdan foydasi bor, deyiladi. Keyinchalik ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani sayin bu kabi xabarlarni targ‘ib qilish ham rivojlandi.
Ammo mazkur targ‘ibotga boshqa qarashlar ham mavjud bo‘lib, bu ma’lumotlar tarqatilishi muqaddas islom diniga putur yetkazish, odamlarni u yoki bu «haqiqat»larga ishontirish kabi maqsadlar xam bor. Masalan, bir xabarda «Muhammad s.a.v. 570 yil 20 aprelda Makkada tavallud topganlar. Ul zot 633 yil 63 yoshda vafot etganlar. Agar, bu SMSni 20 ta odamga yuborsangiz, hamma niyatlaringiz ro‘yobga chiqadi, inshaalloh, agar bee’tibor qoldirsangiz, 20 yilga zulmatda qolasiz… Mendan tashqari 10 kishiga yuboring va ertaga bitta yaxshi yangilik eshitasiz, inshaalloh. Alloh uchun erinmang.» Mana, yolg‘onlarga boy xabarlarning bir ko‘rinishi.
Xabarda yozilishicha, Payg‘ambarimiz 633 yil vafot etgan ekan, vaholanki, Muhammad s.a.v. 632 yil 8 iyunda vafot etgan va bu manbalardan ham ayon.
Tarqatuvchilar (ya’ni, xabar yaratuvchisi) bundan islom diniga ishonchsizlik oshirishni maqsad qilgan va ular muxolifatchilardir, deydi dinimiz ulamolari. Bu xabar eng oddiy, bir qarashda hech qanday g‘araz maqsadni ko‘zlamaganday tuyuladi. Ammo asta-sekinlik bilan ular tarqatayotgan xabarlarning «xato»lari ham, ishonchga kirishga urinish ham ortib borishi ehtimoli katta. Zero, bugun bilib-bilmay bunday xabarlarni tarqatayotgan yoshlar kelgusida boshqa xabarlarni ham sinchiklab o‘qib-o‘qimay, tushunmay, uning tarqatuvchisiga aylanib qolishi hech gapmas. Asosiy maqsad ham shu.
Ayniqsa, bu kabi tarqatilayotgan xabarlarning so‘nggi qismida odamlarga baxt yoki yaxshi yangilik va’dalari ham islom dini aqidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Odamlarning psixologiyasiga ta’sir ko‘rsatish, kishini beixtiyor shu xatti-harakatlarga undash, keyingi shu kabi xabarlarni tarqatishga tayyorlash uchun qulay bo‘lishi kabi maqsadlarni
yashirgan.
Sitora Baxtiyorzoda,
SamDChTI xalqaro jurnalistika yo‘nalishi talabasi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:59:05