To‘ng‘ich farzandini yaxshi ko‘radi. To keyingisi tug‘ilguncha.
Kenja farzandini yaxshi ko‘radi. To u katta bo‘lguncha.
Qo‘li kalta farzandini yaxshi ko‘radi. To u boy bo‘lguncha.
Bemor farzandini yaxshi ko‘radi. To u tuzalguncha.
Ammo nogiron farzandi bor ota-ona o‘sha farzandini yaxshi ko‘radi, to …
Nogiron farzandlarini ota-onalar so‘nggi nafaslarigacha boshqa bolalaridan ko‘proq yaxshi ko‘radi, avaylaydi, ehtiyot qiladi, tunu-kun shu farzandini
o‘ylaydi.
Nogiron farzandi bor ota-ona umrining oxirigacha bolam tuzalib ketarmikan, deya chora izlaydi, yo‘l qidiradi. Qayerda bir yaxshi do‘xtir bor, deb eshitsa, umid bilan farzandini o‘sha do‘xtirga olib boradi. Professorman deganining hammasiga ko‘rsatadi.
Nogiron farzandi bor ota-onaning ko‘zi to‘rt, qulog‘i sakkizta bo‘lib, bir yerdan farzandining dardiga da’vo daragini poylaydi. Qayerda bir tabib chiqibdi, dami o‘tkir azayimxon chiqibdi deb eshitsa, ilinj bilan farzandini o‘shalarga olib boradi. Biladi, gunoh, ammo gunohni ham bo‘yniga olib, folga-da boradi, qushnochga-da boradi.
Nogiron farzandi bor ota-ona farzanding uchun ber, tuzataman desa, aslo ikkilanmasdan jonini ham beradi.
Nogiron farzandi bor ota-onaning ko‘ngli o‘ksik bo‘ladi, qalbi kemtik bo‘ladi, boshi xam bo‘ladi, ko‘zi nam bo‘ladi.
Nogiron farzandi bor ota-ona el qatori o‘ynab kula olmaydi, to‘y-to‘ylashib yura olmaydi, bir yerga keta olmaydi, hatto oyoq uzatib o‘la olmaydi. Shu nogiron bolasini o‘ylaydi, mendan keyin holi nima bo‘ladi, deydi. Kim qaraydi, aka-ukasi bizdek mehribon bo‘ladimi, yangasi, kelini siltalamaydimi, ko‘nglini og‘ritmaydimi, deydi. Nogiron farzandi bor ota-onaning ketar chog‘i ham ko‘zi o‘sha nogiron farzandida bo‘ladi.
Nogiron farzandi bor ota-ona dunyoning eng sabrli, toqatli, irodali odamlaridir!
Nogiron farzandi bor ota-onalar dunyoning toshlaridir, temirlaridir!
Nogiron farzandi bor ota-onalar matonatga qo‘yilgan, yurib turgan haykallardir!
Sizga ta’zim qilay, ey, mardonalar,
Farzandi qoshida ey, parvonalar.
Qo‘lingizni o‘pay, dardingiz olay,
Nogiron farzandli ota-onalar.
It tinar, qush tinar, sizlar tinmaysiz,
Halovat, oromning otin bilmaysiz,
Inson bolasiga siz nolinmaysiz,
Nogiron farzandli ota-onalar.
Allohga yolvorib qilasiz duo,
Bolangiz dardiga so‘raysiz shifo.
Bolasi “ih” desa, dunyosi qaro,
Nogiron farzandli ota-onalar.
To tirik, shu bolam deb olar nafas,
To tirik, bolasin unutmas bir pas.
Shu bolasin o‘ylab jon bera olmas –
Nogiron farzandli ota-onalar.
Bitta xushxabarga ilhaq, mahtalsiz,
Ko‘nasiz, yashaysiz isyon, janjalsiz,
Sabru matnonatga tirik haykalsiz,
Nogiron farzandli ota-onalar.
Men har biringizning qo‘lingiz o‘pay –
Nogiron farzandli ota-onalar!
Bugun Xalqaro nogironlar kuni!
Iltimos, nogironlarni ko‘rsangiz, yonlaridan beparvo o‘tib ketmang!
Hech bo‘lmasa, bir og‘iz shirin so‘z aytib o‘ting!
Karimberdi TO‘RAMUROD.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:59:04